Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonga kamida 1 million dollar sarmoya kiritgan shaxsga mamlakat fuqaroligi beriladi

Oʻzbekistondagi investitsiya loyihalariga kamida 1 million dollar sarmoya kiritgan shaxsga mamlakat fuqaroligi beriladi. “Kommers.uz” ushbu koʻrsatkichni jahon mamlakatlari bilan solishtirdi

“Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida” gi qonuniga qoʻshimcha kiritish haqidagi hujjat jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi.

Unga koʻra, ushbu qonunda katta hajmda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritgan xorijiy sarmoyadorlarga Oʻzbekiston fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda berish nazarda tutilmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi chet davlat fuqarosi boʻlgan yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga kamida 1 million AQSH dollari ekvivalentida sarmoya kiritgan jismoniy shaxsga yoxud taniqli olim, sportchi, madaniyat va sanʼat arbobiga nisbatan tadbiq etiladi”, deyiladi qarorda.

Xoʻsh bu koʻrsatkich dunyo davlatlarida qancha?

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon imzolagan farmonga koʻra, xorijliklar 400 ming dollardan arzon boʻlmagan koʻchmas mulkni Turkiyada xarid qilishsa, istisno tariqasida ularga mamlakat fuqaroligi beriladi.

Qirgʻizistonda esa investorlar mamlakat fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishi mumkin boʻladi. “Oʻylaymanki, agar investor iqtisodiyotimizga 300 ming dollar sarmoya kiritsa, unga fuqarolik berishimiz mumkin”, — deydi Milliy investitsiya agentligi rahbari Ravshan Sobirov.

Portugaliyada esa ushbu mablagʻ 500 ming yevro (503 ming 175 dollar);

Maltada 300 ming yevro (301 ming 899 dollar);

Avstriyada 100 ming yevro (100 ming 635 dollar);

Gretsiyada 250 ming yevro (251 ming 582 dollar);

Ispaniyada 500 ming yevro (503 ming 175 dollar);

Shveysariyada 450 ming frank (455 ming dollar).

Qaror Oʻzbekistondagi faollar tomonidan ham turli qabul qilindi.

«1 mln dollar puli bor odamga Oʻzbekiston fuqaroligi kerakmikin?» — deydi Kainbek oʻzining Telegramʻdagi kanalida.

Konstitutsiyaning 21-moddasiga muvofiq, Oʻzbekistonning butun hududida yagona fuqarolik belgilangan. Fuqaroligi tugatilgan shaxs tomonidan, Oʻzbekiston fuqaroligi pasporti yoki identifikatsiya ID-kartalaridan foydalanganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan.

Ikki fuqarolik oʻzi nima?

Ikki fuqarolik, bipatridlar — ayni bir vaqtda 2 va undan ortiq davlat fuqaroligiga mansublik. 2 fuqarolik quyidagi hollarda yuzaga keladi:

  • farzand fuqaroligini belgilashda “qon huquqi”, yaʼni qaysi davlat hududida tugʻilishidan qatʼi nazar, ota-onasi qaysi davlat fuqarosi boʻlsa, shu davlatning fuqarosi boʻlishlik qoidasi qoʻllanadigan davlat fuqarolaridan farzand tugʻilgan vaqtda; “yurt huquqi”, yaʼni ota-onasi fuqaroligidan qatʼi nazar, qaysi davlat hududida tugʻilsa, shu davlat fuqarosi boʻlishlik qoidasini qoʻllanadigan davlat hududida farzand tugʻilgan paytda;
  • ayol kishi ajnabiy shaxs bilan nikohda boʻlgan paytda — agar uning mamlakati qonunchiligiga binoan u nikohdan oʻtganidan soʻng fuqarolikdan chiqarilmasa, erining mamlakati qonunchiligiga binoan esa ayolni oʻz-oʻzidan fuqarolikka qabul qilsa;
  • fuqarolik boshqa davlat fuqaroligiga oʻzgartirilgan paytda — agar fuqarolikka qabul qilgan davlatning fuqarolikni oʻzgartirish uchun oldindan roziligi olinmagan boʻlsa. Xalqaro huquqda 2 fuqarolik munosabati bilan yuzaga keladigan masalalar boʻyicha yagona, hamma tan olgan tartib belgilanmagan. Aksariyat davlatlar 2 fuqarolikka salbiy munosabatda. 1930 yil Gaaga kon-vensiyasida 2 fuqarolikni kamaytirish va tan olmaslik haqidagi xalqaro tamoyil mustahkamlangan. Qoidaga koʻra, har bir shaxs faqat bir davlatning fuqarosi boʻla oladi.

Oʻzbekistonda qachondan beri yagona fuqarolik amal qiladi?

Oʻzbekistonning 1992 yil 2 iyuldagi Fuqarolik toʻgʻrisidagi qonuniga binoan, yagona fuqarolik joriy qilingan. Oʻzbekistonda yashovchi har bir shaxs fuqarolik huquqiga ega. Hech kim fuqarolikdan yoki fuqarolikni oʻzgartirish huquqidan mahrum etilishi mumkin emas. Yagona fuqarolik:

  • davlatning yaxlitligini;
  • barcha fuqarolar bir xil huquqiy maqomga ega ekanligini;
  • barcha fuqarolar teng huquqligi va ularning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishini anglatadi.

Shaxs 2 yoki undan ortiq fuqarolikka ega boʻlgan taqdirda, u qaysi mamlakat bilan eng koʻp uzviy bogʻlangan boʻlsa, uning uchun oʻsha mamlakat xuquqi shaxsiy qonun hisoblanadi. Fuqaroligi boʻlmagan shaxs qaysi mamlakatda doimiy yashab turgan boʻlsa, oʻsha mamlakat huquqi uning shaxsiy qonuni hisoblanadi.

Maʼlumot uchun:

  • 2005 yil 1 yanvarga qadar Oʻzbekistonda doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan hamda muqaddam chet davlat fuqaroligida boʻlmagan shaxs xohish bildirgan;
  • Oʻzbekistonda kamida 15 yil doimiy istiqomat qilgan va shu davr mobaynida chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan;
  • ota-onasidan biri (yolgʻiz otasi yoki onasi) Oʻzbekiston fuqarosi deb tan olingan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan va Oʻzbekistonda yashab kelayotgan bola xohish bildirgan taqdirda Oʻzbekiston fuqarosi deb tan olinadi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston hududida tugʻilgan va yashab kelayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston fuqaroligini olish maqsadida iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar 5 yil davomida (fuqaroligi boʻlmagan shaxsga yashash guvohnomasi olingan kundan eʼtiboran) uzluksiz yashash sharti bekor qilinishi belgilandi.