Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

1 fevraldan ID-kartalar elektron raqamli imzo bilan beriladi

Jismoniy shaxslarga ID-karta birinchi bor rasmiylashtirilganda uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo sertifikati bepul beriladi hamda fuqaro Elektron hukumat tizimida avtomatik roʻyxatdan oʻtkaziladi.

19 yanvar kuni ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini raqamlashtirish orqali sifatini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2026 yil 1 fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga identifikatsiyalovchi ID-kartalar birinchi marotaba rasmiylashtirilganda uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo sertifikati bepul beriladi.

Shu bilan birga, fuqaroni “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilari identifikatsiyalash yagona axborot tizimida avtomatik tarzda bepul roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti jismoniy shaxslarning markaziy maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va doimiy yangilab borish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.

Ushbu maʼlumotlarga quyidagilar kiradi:

  • chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolarining yashash va turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olingan manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
  • ID-karta seriyasi, raqami, berilgan joyi hamda berilgan va tugash sanasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
  • Oʻzbekiston fuqaroligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
  • Oʻzbekiston fuqarolari, mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmaganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
  • Oʻzbekistonga taklif qilingan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmaganlar hamda ularning viza muddati uzaytirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.

2025 yilning 1 iyulidan MyGov ilovasida ayrim hujjatlarning elektron shakllari joriy etildi. Ularni banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yoʻl qatnovlarida, shuningdek, davlat va korporativ xizmatlardan foydalanishda qogʻoz shaklining oʻrniga taqdim etish mumkin.