Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

“ʻAtlas bayramiʻ Margʻilonning brendiga aylanib ulgurdi” — Sara Noshadi

U nutqida festivalni tashkil etishdagi yordami uchun Oʻzbekiston Turizm va madaniy meros vazirligiga minnatdorlik bildirdi

Margʻilon shahrida 20-22 oktyabr kunlari boʻlib oʻtgan “Atlas bayrami” V xalqaro anʼanaviy toʻqimachilik festivalida UNESCOʻning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi ham ishtirok etib, nutq soʻzladi. Bu haqda unda ishtirok etgan “Kommers.uz” muxbiri maʼlum qildi.

U nutqida festivalni tashkil etishdagi yordami uchun Fargʻona viloyati hokimligi, Margʻilon shahar hokimligi, Oʻzbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi, UNESCO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy komissiyasi, “Xunarmand” hunarmandchilik uyushmasi, Margʻilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi, UNFPAʻning Oʻzbekistondagi vakolatxonasiga minnatdorlik bildirdi.

“2015 yilda UNESCOʻning Toshkentdagi vakolatxonasi tashabbusi bilan Oʻzbekistonda, xususan, oʻzbek atlasi va ipaklari maskani boʻlgan Margʻilonda anʼanaviy hunarmandchilikni asrash, targʻib qilish va rivojlantirish maqsadida ʻAtlas bayramiʻ anʼanaviy toʻqimachilik festivali oʻtkazib kelinmoqda. Shahar bizga anʼanaviy madaniyat qanday qilib ijodkorlik uchun buloq rolini oʻynashi mumkinligini koʻrsatadi. Bu festival Margʻilonning brendiga aylanib, oʻzbek toʻqimachilik sanoatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash uchun xizmat qilayotganini koʻrishimiz mumkin”, — deydi Sara Noshadi.

Shuningdek, u nutqida Covid-19 tufayli 2020 yilda festival tashkil etilmagani va bu yil alohida tayyorgarlik bilan oʻtkazilayotganini qayd etdi.

“Anʼanaviy hunarmandchilikni, xususan, toʻqimachilikni asrab-avaylash, targʻib qilish va rivojlantirish bugungi kunda dunyoning koʻplab mamlakatlarida katta qiziqish uygʻotmoqda. Bu yilgi festival Bangladesh, Bolgariya, Fransiya, Hindiston, Italiya, Indoneziya, Moʻgʻuliston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiya va boshqa koʻplab mamlakatlardan madaniyat va hunarmandlar ishtirokida oʻzining geografik chegaralarini kengaytirayotganidan xursandmiz”, — deydi Sara Noshadi.

Bundan tashqari, UNESCOʻning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi festival oldidan oʻtgan 4 kun ichida Oʻzbekiston va Qirgʻizistondan kelgan 60 ga yaqin yosh hunarmand va dizaynerlar uchun anʼanaviy hunarmandchilik, etnodizayn va tadbirkorlik boʻyicha qator treninglar tashkil etilganini ham alohida taʼkidlab oʻtdi.