Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

“Atlas bayrami” V xalqaro anʼanaviy toʻqimachilik festivaliga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

Matbuot anjumanida Margʻilon shahriga “Jahon ipak va ikat hunarmandlari shahri” maqomi berilishi maʼlum qilindi

2022 yilning 20–22 oktyabr kunlari Margʻilon shahrida “Atlas bayrami” V xalqaro anʼanaviy toʻqimachilik festivali boʻlib oʻtadi. Festival Turizm va madaniy meros vazirligi, UNESCO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy komissiyasi, UNESCOʻning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, UNFPAʻning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, “Hunarmand” uyushmasi, Fargʻona viloyati hokimligi, Margʻilon shahar hokimligi va Margʻilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi tomonidan oʻtkaziladi.

12 oktabr kuni Turizm va madaniy meros vazirligi binosida ana shu festivalga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil qilindi. Matbuot anjumanida Xalqaro hakamlar hayʼati raisi Akbar Hakimov, bosh vazir oʻrinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, UNESCOʻning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, “Hunarmand” uyushmasi boʻlim boshligʻi Baxtiyor Allayev va Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshid Ahmedov ishtirok etdi.

“Festivalning eng ahamiyatli jihatlaridan biri shuki, unitng doirasida Margʻilon shahriga ʻJahon ipak va ikat hunarmandlari shahriʼ maqomi beriladi, bu esa Margʻilonning Jahon hunarmandchilik kengashi tarmogʻiga kiritilishini taʼminlaydi. Mazkur maqom Margʻilonning oʻzbek hunarmandchiligini asrab-avaylashdagi muhim rolini yanada oshiradi. Atlas bayramida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Malayziya, Hindiston, Turkiya, Tailand, Bangladesh, Indoneziya, AQSH, Latviya, Moʻgʻuliston, Italiya va boshqa mamlakatlardan hunarmandlar, madaniyat arboblari, dizayner va mutaxassislar ishtirok etadilar”, — deydi Aziz Abduhakimov.

Taʼkidlash kerakki, festivaldan oldin, yaʼni 16–19 oktyabr kunlari Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hunarmandlari va dizaynerlari uchun anʼanaviy toʻqimachilikning har xil turlariga bagʻishlangan anʼanaviy hunarmandchilik, etnik dizayn va tadbirkorlik boʻyicha toʻrt kunlik treninglar oʻtkaziladi. Mazkur trening ishtirokchilariga sertifikatlar topshiriladi.

Tadbirda nutq soʻzlagan Sara Noshadi festivalning ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi.

“Festival anʼanaviy oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha ʻnou-xauʻni ommalashtirish orqali nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylashga hissa qoʻshadi. Shuningdek, oʻzbek toʻqimachiligining barcha turlarida, paxtachilikdan tortib ipak matolar, gilam va kashtachilik yoki kiyim-kechak dizaynigacha boʻlgan barcha turdagi anʼanaviy hunarmandchilikning sifati va dizaynini yaxshilashga koʻmaklashadi. Bundan tashqari, festival milliy va xalqaro hunarmandlar, ishlab chiqaruvchilar, anʼanaviy toʻqimachilik boʻyicha mutaxassislar, dizaynerlar va moda mutaxassislarini birlashtiradi”, – deydi Sara Noshadi.

Festivalning ochilish marosimi doirasida esa Margʻilon shahriga “Jahon ipak va ikat hunarmandlari shahri” maqomi beriladi, bu esa Margʻilonning World Crafts Council – Jahon hunarmandchilik kengashi tarmogʻiga kiritilishini taʼminlaydi. Mazkur maqom Margʻilonning oʻzbek hunarmandchiligini asrab-avaylashdagi muhim rolini yanada oshiradi.

Qayd etish kerakki, festivalda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Malayziya, Hindiston, Turkiya, Tailand, Bangladesh, Indoneziya, AQSH, Latviya, Moʻgʻuliston, Italiya va boshqa mamlakatlardan hunarmandlar, madaniyat arboblari, dizayner va mutaxassislar ishtirok etadi. Ularning ishtiroki esa anʼanaviy toʻqimachilik sohasidagi uslublar, naqshlar, anʼana va texnikalar haqida fikr almashish imkonini beradi. Ularning ishtiroki mahalliy va yosh hunarmandlar uchun muhim ilhom manbai boʻladi. Hindistonning Oʻzbekistondagi turizm elchisi, taniqli modelyer Ritu Beri xonim kabi sanʼat namoyandalari oʻz ishtiroklari bilan festivalga koʻrk bagʻishlaydi.

Festival dasturidan, shuningdek, xalqaro konferensiya, davra suhbati, moda namoyishlari va koʻrgazma kabi boshqa yirik tadbirlar ham oʻrin olgan. Xususan, “Zamonaviy dunyoda anʼanaviy toʻqimachilikning oʻrni” xalqaro konferensiyasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtadi, unda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Hindiston, Italiya, Bolgariya, Moʻgʻuliston, Rossiya va boshqa mamlakatlar va mintaqalardan 15 nafarga yaqin maʼruzachilar ishtirok etishi rejalashtirilgan. Konferensiya materiallari Oʻzbekistonda anʼanaviy toʻqimachilik va kiyim-kechak dizaynining hozirgi holatini rivojlantirish strategiyasini baholash va ishlab chiqishning muhim koʻrsatkichiga aylanadi.

Qolaversa, “Buyuk ipak yoʻli merosxoʻrlari” anʼanaviy toʻqimachilik xalqaro koʻrgazmasi ham boshlanadi, unda turli mamlakatlar vakillari ishtirokida turli toʻqimachilik hunarmandchiligi namoyish etiladi. Shu bilan birga, festivaldan anʼanaviy mato va gilam ishlab chiqarish boʻyicha master-klasslar, teatrlashtirilgan va musiqali tomoshalar, hunarmandchilik yarmarkasi, Markaziy Osiyo, Osiyo-Tinch okeani va Yevropa dizaynerlarining moda namoyishlari, anʼanaviy oʻzbek ijrochilari ishtirokidagi gala-konsert ham oʻrin olgan.

Albatta, bu tadbirlar birgalikda oʻzaro tajriba almashish va oʻrganish uchun platforma yaratadi hamda Oʻzbekistondagi boy va qadimiy hunarmandchilik anʼanalari haqida mahalliy va xalqaro xabardorlikni oshirishga yordam beradi.

Maʼlumot uchun, “Atlas bayrami” anʼanaviy toʻqimachilik festivaliga 2015 yilda asos solingan. Festivaldan koʻzlangan maqsad anʼanaviy oʻzbek toʻqimachilik sohasida nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash va targʻib qilish, shuningdek, oʻzbek toʻqimachiligining barcha yoʻnalishlarida, paxtachilikdan tortib, ipak gazlamalar, gilamlar, kashtachilik yoki moda dizaynigacha boʻlgan anʼanaviy hunarmandchilikning sifati va dizaynini yaxshilash. Bundan tashqari, festivalning uzviy maqsadlari – oʻzbek toʻqimachilik anʼanalariga boʻlgan bilim va qiziqishni keyingi avlodga oʻtkazishni taʼminlash, anʼanaviy toʻqimachilik sohasida xalqaro tajriba almashish uchun platforma yaratish, oʻzbek toʻqimachilik sanoatining xalqaro maydonda eʼtirof etilishiga hissa qoʻshishdir.