Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

OPEK neft ishlab chiqarishni qisqartirishga qaror qildi

AQSH Saudiya Arabistonini noyabrda boʻlib oʻtadigan oraliq saylovlarga taʼsir koʻrsatishda aybladi. Qoʻshma shtatlar yoqilgʻi narxi oshib ketmasligi uchun Eron va Venesuelaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni yumshatishi mumkin

Foto: AP

Eng yirik neft qazib oluvchilar Saudiya Arabistoni va Rossiya neft ishlab chiqarishni 2 million barrelga qisqartirishga kelishib oldi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.

OPEK+ʻning Venadagi yigʻilishida noyabr oyidan boshlab neft ishlab chiqarish hajmini kuniga 2 million barrelga kamaytirishga kelishib olindi. Natijada Saudiya Arabistoni va Rossiyaning kvotalari kuniga 500 ming barrelga kamayadi.

Rossiya uchun bu fojeali holat emas. Sababi mamlakat allaqachon oʻz kvotasidan ancha kam ishlab chiqarishni boshlagan. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining dekabr oyidan boshlab Rossiya neftiga joriy etiladigan cheklovlari tufayli bu miqdor yanada kamayishi kutilmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, OPEK+ʻning ushbu qarori neft narxining pasayish tendensiyasini oʻzgartirishi mumkin. Sentyabr oyida 20 foizga arzonlab, 82 dollarni tashkil etgan neft narxi OPEK+ʻning 5 oktyabrdagi qaroridan keyin bir barrel uchun 92 dollargacha koʻtarildi.

Neft ishlab chiqarishni 2 million barrelga qisqartirish toʻgʻrisidagi qarori AQSH hukumatining keskin reaksiyasiga sabab boʻldi. Sababi oraliq saylov arafasida benzin narxining oshishi demokratlar uchun ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Oq uy bu borada rasman bayonot ham berdi. Demokratlarning fikricha, mazkur qaror Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning AQSHda noyabr oyida boʻlib oʻtadigan oraliq saylovlarga taʼsir koʻrsatishga urinishi hisoblanadi. Hozirda Bayden maʼmuriyati OPEK+ʻning ushbu qaroriga nisbatan bir nechta javob choralarini tayyorlanayotganini maʼlum qildi.

Maʼlumot uchun, OPEK+ guruhiga neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK)ning 13 ta aʼzosi, shuningdek, 10 ta hamkor davlat, jumladan, Rossiya ham kiradi.