Prezidentning tegishli qarori bilan 2023 yil 1 yanvardan uy-joy uchun subsidiya berilgan fuqarolar ipoteka kreditlari va ular foizlari uchun yoʻnaltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari daromad soligʻiga tortilmaydi. Mazkur imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadi bir soliq davrida mehnatga haq toʻlash eng kam miqdori 80 baravaridan oshmagan qismiga tatbiq etiladi.
Qayd etilishicha, 2023 yildan ipoteka kreditiga olingan mol-mulk olingan sanadan 36 oyda qayta sotilsa, kredit va foizlar uchun yoʻnaltirilgan daromad soliqqa tortiladi.
Shuningdek, qaror bilan 2022 yil 1 noyabrdan boshlab, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uylardagi kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga hamda ular boʻyicha dastlabki badalning va ipoteka krediti boʻyicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya toʻlashga ruxsat berildi.
Qaror bilan 2021 yilda berilgan subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xabarnomalar amal qilish muddati 2022 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi. Shu bilan birga uy-joylar va ipoteka kredit olishda fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish uchun viloyatlar markazlarida ipoteka markazlari tashkil etiladi.


