Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Budapesht shahrida Vengriyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Tadbirda Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, Savdo-sanoat palatasi raisi Laslo Parrag, “OTP Bank” raisi Shandor Chani hamda yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, elektronika va elektrotexnika, kimyo, toʻqimachilik, charm tarmoqlari va avtomobilsozlik kabi sohalarda oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirda loyihalarni moliyalashtirish uchun qoʻshma fond tashkil etilishi va u tez fursatda ish boshlashi aytildi. Taʼkidlanishicha, oxirgi 5 yilda Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi 3 barobar koʻpaygan.
Shavkat Mirziyoyev har bir vengriyalik tadbirkorni Oʻzbekistonga kelib, bugungi kunda investitsiyalar uchun eng yaxshi joy Oʻzbekiston ekanligiga shaxsan ishonch hosil qilishni taklif qildi.
Uchrashuv yakunida ilgari surilgan barcha loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq muddatlar va masʼul ijrochilar koʻrsatilgan kompleks “yoʻl xaritasini” qabul qilishga kelishib olindi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston—Vengriya biznes forumida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ziyod investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolandi.


