Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekistonda elektromobil importi oshdi

Oʻzbekistonga yanvar-iyul oylarida qiymati 40,1 mln dollarga teng boʻlgan 1314 ta elektromobil import qildi. Asosiy eksportchi — Xitoy.

Foto: Megawatt Motors

Oʻzbekistonga yetti oyda 1314 ta elektromobil import qilindi. Bu haqda Davlat statistika qoʻmitasi xabar berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2022 yilning yanvar-iyul oylarida Oʻzbekiston 10 ta xorijiy davlatdan qiymati 40,1 million dollarga teng boʻlgan 1314 ta elektromobil import qilgan.

Elektromobil importi 2021 yilning mos davriga nisbatan 901 taga yoki 3,2 baravarga oshgan.

Oʻzbekiston 2022 yilning 7 oyida asosan qoʻyidagi davlatlardan elektromobil import qilgan:

  • Xitoy — 1155 ta;
  • BAA — 81 ta;
  • Germaniya — 29 ta;
  • Gonkong — 29 ta;
  • Koreya — 7 ta;
  • Litva — 7 ta;
  • Estoniya — 2 ta.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev elektromobil ishlab chiqarish boʻyicha amaliy ishlarni hozirdan boshlash kerakligini taʼkidlagandi.

“Yana bir masala — jahonda elektromobillar ishlab chiqarish jadal rivojlanib, avtomobil bozorida salmoqli oʻrin egallamoqda. Biz ham bu sohada ortda qolmasligimiz uchun amaliy ishlarni hozirdan boshlashimiz kerak”, — degandi Prezident yigʻilishda.

Shuningdek, Oʻzbekistonning 2022–2026 yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida elektromobil ishlab chiqarish va ulardan foydalanish ragʻbatlantirilishi maʼlum qilingandi.