Oʻzbekistonda 2022 yilning birinchi yarmida koʻmir qazib olish hajmi 9,1 foizga oshdi. Bu haqda Davlat statistika qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2022 yilning yanvar-iyun oylarida mamlakatda yirik sanoat korxonalari tomonidan 2,5 million tonna koʻmir qazib olingan.
Taʼkidlanishicha, koʻmir qazib olish hajmi 2021 yilning mos davri bilan solishtirilganda 9,1 foizga oshgan.
Avvalroq Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan soʻng Qozogʻiston Yevropa Ittifoqiga koʻmir yetkazib berish hajmini ikki baravarga oshirgandi.
Unga koʻra, Qozogʻiston 2022 yilning dastlabki besh oyida Yevropaga butun 2021 yilga nisbatan koʻproq koʻmir joʻnatgan. Oylik yetkazib berish 2022 yil boshida 140-200 ming tonnani, mart oyidan boshlab esa 300-400 ming tonnani tashkil etgan. 2021 yil aprel va may oylarida Qozogʻistonning Yevropa Ittifoqiga koʻmir eksporti 60-70 ming tonnaga teng boʻlgan.
Qozogʻiston koʻmirni Yevropa mamlakatlariga asosan dengiz (2022 yil 782 ming tonna yuborgan va oʻtgan yili esa 240 ming tonna), temir yoʻl (mos ravishda 635 ming va 540 ming tonna) va avtomobil yoʻllari (90 ming va 8,2 ming tonna) orqali yetkazib beradi.


