Davlat statistika qoʻmitasi 2022 yilning birinchi yarim yilligi boʻyicha oʻrtacha oylik maosh statistikasini eʼlon qildi.
Maʼlum boʻlishicha, 2022 yil yanvar-iyun oylarida Respublikadagi oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 3 million 540 ming 500 soʻmni tashkil etgan. Koʻrsatkich 2021 yil yanvar-iyun oylarida 2 968 ming 500 soʻmni tashkil etgan boʻlib, 2021 yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati 119,3 foizni tashkil qilgan.
Hududlar kesimida eng katta koʻrsatkich Toshkentda — 5 million 486 ming 200 soʻm, eng kichik koʻrsatkich esa Samarqandda — 2 million 663 ming 200 soʻm boʻlib turibdi.
Yuqoridagi koʻrsatkichlarda qishloq xoʻjaligi korxonalari va kichik tadbirkorlik hisobga olinmagan boʻlib, qoʻmita buni quyidagicha izohlagan:
“2022 yil yanvar-iyun oylari uchun oʻrtacha oylik ish haqi koʻrsatkichini shakllantirishda qishloq xoʻjaligi va kichik tadbirkorlik subyektlari hisobga olinmagan, chunki fermer xoʻjaliklari hamda kichik tadbirkorlik subyektlari yilda bir marta hisobot taqdim etishi belgilangan”.
Sohalar kesimida esa oʻrtacha oylik ish haqining eng baland koʻrsatkichi — bank, sugʻurta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasiga toʻgʻri kelib (9 million 149 ming 600 soʻm), oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish darajasi 124,8 foizni tashkil etgan.
Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish hamda taʼlim sohasi esa oʻrtacha oylik eng kam sohaligicha qolgan. Bu sohalardagi oʻrtacha oylik quyidagicha: sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishda 2 million 377 ming 200 soʻm, taʼlimda 2 million 583 ming 800 soʻm.
Eslatib oʻtamiz, 2021 yil yakuni boʻyicha ham taʼlim (2 million 313 ming 100 soʻm) hamda sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish (2 million 157 ming 800 soʻm) sohalarida oylik ish haqining eng past koʻrsatkichi qayd etilgan.
Eʼtiborga molik jihati sogʻliqni saqlash sohasi 2016, 2017 va 2018 yillarda eng kam ish haqi toʻlanadigan 3 ta sohaning biri boʻlgan. Holat 2019–2020 yillarga qelib biroz yaxshilangan boʻlsa, 2021 yilda bu soha yana respublikada eng kam oʻrtacha ish haqi toʻlanadigan sohaga aylangan. 2022 yilning birinchi yarmida ham vaziyat oʻzgarmadi. Bundan tashqari, mazkur sohadagi oʻrtacha maoshlar 6 yil davomida doim mamlakatdagi oʻrtacha maoshdan past boʻlgan.
Taʼlim sohasida ahvol shunga oʻxshash: 2016 yildan beri bu sohadagi oʻrtacha ish haqi ham doimiy ravishda mamlakatdagi oʻrtacha ish haqidan past boʻlib kelgan. Lekin taʼlim 2021 yilgacha eng kam maosh toʻlanadigan sohalardan biri boʻlmagan. Qayd etish lozimki, faqatgina shu yilga kelib taʼlim respublikadagi eng kam oʻrtacha maosh toʻlanayotgan sohalardan biriga aylangan.


