Xalqaro savdolarda yevro kursi dollar bilan tenglashdi, endilikda bir yevro bir dollarga teng. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Yevro naqd pul shaklida muomalaga kiritilgan beri, soʻnggi yigirma yil ichidagi eng past darajaga tushdi.
“Hozirda Yevropa valyutasida maxsus qoʻllab-quvvatlov yoʻq”, — deya Reuterʻsga malum qilgan Standard Chartered kompaniyasining katta iqtisodchisi Sara Xyun.
“Alfa-Bank” bosh iqtisodchisi Natalya Orlovaning fikricha, yevroning qulashiga ikki asosiy sababi bor.
“Birinchisi, investorlarning qoʻrquvi: ular global tanazzuldan qoʻrqadi hamda hozirda dollar va AQSH aktivlarini oʻz ichiga olgan ʻnuqtalargaʻ sarmoya kiritmoqda. Kapitalning bunday harakati ʻxavf ishtahasining pasayishiʻ deb ataladi”, — deya tushuntiradi Orlova.
Uning aytishicha, ikkinchi sabab — energetika inqirozi: Yevropa iqtisodiyoti uchun energiya narxining oshishi bilan kurashish oson emas.
“Dollar keyingi yarim yil yoki undan ham koʻproq vaqt davomida ham mustahkam boʻlib qoladi. Eng koʻp xavf Yevropadagi iqtisodiy vaziyatning rivoji bilan bogʻliq”, — deya qoʻshimcha qiladi Orlova.
“Promsvyazbank” tahlilchilariga koʻra, yevro AQSH Federal zaxira tizimi va Yevropa Markaziy banki (YEMB) pul-kredit siyosatidagi farq tufayli ham bosim ostida.
«Federal zaxira tizimi inflyatsiyaning oʻsishi sharoitida oʻzining asosiy stavkasini bir necha bor oshirdi, Yevropa Markaziy banki esa asosiy stavkasini koʻtarmadi, hozircha faqat bunga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Bu YEMB yaqin kelajakda Federal zaxira tizimiga qaraganda stavkalarni oshirishda cheklangan imkoniyatlarga ega boʻladi, degan taxminlarni keltirib chiqaradi. Natijada yevro-dollar juftligi dinamikasidagi ogʻish saqlanib qoladi», — deb taʼkidlagandi avvalroq “Promsvyazbank” tahlilchilari.
Gazprombank Private Banking boshqaruvchi direktori Yegor Susinning fikricha, Yevro qadrining tushishi sabablari — yevrozona savdo balansining qulashi, rekord darajadagi inflyatsiya, yaqinlashib kelayotgan retsessiya, bir qator mamlakatlarning katta qarzlari va “tishsiz” Yevropa Markaziy banki.
“Bu omillar yevro uchun oson kelajakni vaʼda qilmaydi” — deya qoʻshimcha qilgan u.
Mutaxassis, shuningdek, 1998 yildan beri eng past darajaga tushgan yapon iyenasi muammolariga ham eʼtibor qaratgan.
“Retsessiyaga tushib qolish xavfi boʻlgan turgʻun iqtisodiyot kuchli valyutaga ega boʻlolmaydi. Yevropa Ittifoqining oʻzi eksport va importni cheklaydi, savdo balansini buzadi, uning kamomadini oshiradi. Salbiy savdo balansi bilan yevro barqarorligi haqida gapirib boʻlmaydi”, — deb yozadi BCS Express eksperti Mixail Zelser.
Zelser yevro kursining bir yevro uchun sakson sentgacha pasayishini istisno etmagan.


