…Isroil 15 iyun, chorshanba kuni Yevropa Ittifoqi davlatlariga tabiiy gaz eksport qilish boʻyicha kelishuvni imzoladi. Bu haqda mahalliy Kan telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, Isroil energetika vaziri Karin Elxarar Misrda Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyn va Misr vakillari bilan uchrashib, bu borada oʻzaro anglashuv memorandumini imzolagan. Gaz Yevropaga Misr orqali yetkaziladi, bu ham kelishuvning bir qismiga aylandi.
Shartnoma imzolangan kundan boshlab uch yil davomida amal qiladi. Shundan soʻng u avtomatik ravishda yana ikki yilga uzaytiriladi.
Imzolangan memorandumga koʻra, Isroil, Misr va Yevropa Ittifoqi tabiiy gazdan kamida 2030 yilgacha energiya maqsadlarida foydalanilishini tan oladi.
Shundan soʻng Yevropada gaz isteʼmoli 2050 yilgacha, Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar nol emissiya iqtisodiyotiga oʻtish majburiyatini olguncha asta-sekin kamayadi.
Tomonlar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi kompaniyalarining Isroil va Misr suvlarida tabiiy gazni qidirish va qazib olish boʻyicha raqobat tartib-taomillarida ishtirok etishini ragʻbatlantirishga kelishib olgan.
Rossiya, YEI va gaz
Rossiya neftiga qisman embargoni oʻz ichiga olgan sanksiyalarning oltinchi paketi qabul qilinganidan soʻng Yevropa Ittifoqi Rossiyadan gaz importini taqiqlashni oʻz ichiga olishi mumkin boʻlgan yettinchi sanksiyalar paketi ustida ish boshladi.
Biroq energetika boʻyicha Rossiyaga eng tobe boʻlgan davlatlar bunga qarshi chiqmoqda, baʼzi Yevropa davlatlari esa Rossiyadan toʻgʻridan-toʻgʻri gaz olishni allaqachon toʻxtatgan.
Masalan, avvalroq Polsha, Niderlandiya, Daniya, Bolgariya va Finlyandiya yangi sxema boʻyicha Rossiya gazi uchun rublda pul toʻlashdan bosh tortgan edi.


