Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini raqamlashtirishga Jahon banki hisobidan 20 mln dollar ajratiladi

Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetini tashkil etish, Toshkent davlat agrar universitetini modernizatsiya qilish uchun ham mablagʻlar ajratiladi.

Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish uchun Jahon banki loyihasi hisobidan 20 million dollar mablagʻ yoʻnaltiriladi. Bu haqda Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida soʻz boradi.

Qayd etilishicha, Qishloq xoʻjaligi vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jahon banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi hisobidan qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish loyihalari uchun 20 million dollar yoʻnaltirish choralarini koʻradi.

Shuningdek, Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetini tashkil etish, Toshkent davlat agrar universitetini modernizatsiya qilish uchun Jahon banki ishtirokidagi loyiha hisobidan 17 million dollar, Yevropa Ittifoqining “Byudjetni qoʻllab-quvvatlash” dasturi mablagʻlari hisobidan 6 million dollar ajratiladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi Xalqaro kartoshkachilik markazi (CIP) bilan hamkorlikda kartoshkaning serhosil, kasallik va zararkunandalarga, suvsizlikka, shoʻrga chidamli navlari seleksiyasi hamda urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish uchun qoʻshma loyihani amalga oshiradi.

Avvalroq Jahon banki Oʻzbekistonda umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollarga teng 25 ta loyihani hayotga tatbiq etishi haqida xabar berilgandi.