Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari markazining UzASBO dasturiy majmuasi va Yagona umumrespublika protsessing markazining Uzcard axborot tizimi oʻrtasida may oyidan boshlab ikki tomonlama maʼlumot almashinuvi yoʻlqa qoʻyildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Axborot texnologiyalari markazi tomonidan UzASBO dasturiy majmuasida oylik ish haqi qismiga qoʻshimcha oʻzgartirishlar kiritildi. Ushbu oʻzgartirish orqali UzASBO dasturiy majmuasida xodimning plastik kartasining bank hisob raqami Uzcard axborot tizimidan avtomat shakllanadigan boʻldi.
Shu kunga qadar, dasturga budjet tashkiloti hisobchilari tomonidan xodim plastik kartasining bank hisob raqami maʼlumotlari tijorat bankidan berilgan maʼlumot asosida toʻldirilgan. Buning natijasida hisobchilar tomonidan xodimning plastik karta maʼlumotlarini tuzatish yoki oʻzgartirish kiritilishi mumkin boʻlgan.
Hozirda davlat byudjeti mablagʻlarini toʻgʻri sarflash va aniq yoʻnaltirish maqsadida plastik karta maʼlumotlarini UzASBO dasturiy majmuasida inson omili yordamida oʻzgartirish kiritish imkoniyati cheklandi.
Bugungi kunda Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari markazi va Milliy banklararo protsessing markazi oʻrtasida texnologik yoʻriqnoma ishlab chiqilmoqda. Joriy yilning iyun oyidan boshlab Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari markazining UzASBO dasturiy majmuasi va Milliy banklararo protsessing markazining Humo axborot tizimi oʻrtasida ikki tomonlama maʼlumot almashinuvini yoʻlqa qoʻyish rejalashtirilgan.
Avvalroq Uzcard aholiga moddiy yordam tarqatilishi fonida toʻlov kartalaridan pul yechib olishda firibgarlik sxemalari faollashayotganidan ogohlantirgandi.


