Islom taraqqiyot banki Oʻzbekistonga onkologiya xizmatini rivojlantirish uchun 80 million dollar qarz beradi. Prezidentning yildagi “Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi ʻOʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)ʻ loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston va Islom taraqqiyot banki (ITB) oʻrtasida 2021 yil 4 sentyabrda “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasini moliyalashtirish uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 20 yil muddatga jami 80 million dollar mikdorida qarz bitimi imzolangan.
Loyihaning II bosqichini 2022-2026 yillarda amalga oshirish doirasida onkologiya muassasalarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, ularni jihozlash uchun 110 turdan ortiq tibbiy va diagnostik asbob-uskunalar xarid qilish, onkologiya xizmati salohiyatini tubdan oshirish, soha mutaxassislarini oʻqitish va tayyorlash va boshqa tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qaror bilan quyidagilar belgilandi:
- Sogʻliqni saqlash vazirligi loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek, ITB qarzidan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
- Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Oʻzmedimpeks masʼuliyati cheklangan jamiyati loyiha doirasida tuzilgan shartnomalar boʻyicha kontragent hisoblanadi;
- ITBning qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan qoʻshimcha (ustama) va foizlar, boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari;
- “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi boʻyicha Islom taraqqiyot bankining qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan qoʻshimcha haq (ustama) va foizlarni toʻlashning prognoz jadvali;
- “Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi doirasida jalb etilayotgan qarz mablagʻlarining sarflanish yoʻnalishlari taqsimoti.
Loyihani amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan va olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) toʻlanishi lozim boʻlgan QQS Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanadi. Bunda, soliq va bojxona imtiyozlari qoʻllanishi yoki byudjet mablagʻlari hisobidan toʻlab berilishi natijasida iqtisod qilingan mablagʻlar Oʻzbekistonning loyihani amalga oshirishga qoʻshgan ulushi sifatida hisobga olinadi.
Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 1 maydan kuchga kirdi.


