Rossiyalik tadbirkor Oleg Tinkov oʻzining La Datcha koʻchmas mulk ijarasi xizmatini sotdi. Millioner bu haqda Yuriy Dud bilan suhbatda aytib oʻtdi.
Tinkov Rossiyadagi biznesi aniq qancha pulga sotilganini aytmadi, lekin qiymat “bozor narxida” ekanini taʼkidladi. Tadbirkor La Datcha koʻchmas mulk ijarasi xizmatiga 2016 yilda asos solgan.
Oleg Tinkov oʻziga tegishli boʻlgan koʻchmas mulklarni ijaraga berishda davom etmoqda. Tadbirkorning soʻzlariga koʻra, bu ish bilan qizi shugʻullanadi.
Tinkov atrofidagi vaziyat va bosimlar
Avvalroq Tinkoff Bank asoschisi Oleg Tinkov Ukrainadagi voqealar haqida ochiq bayonot berganidan keyin bankdagi ulushini “bir tiyinga” sotishga majbur boʻlganini aytgandi.
Uning soʻzlariga koʻra, Oleg Tinkov 20 aprel kuni Ukrainaga hujumga qarshi postini eʼlon qilganidan bir kun oʻtib, Kreml Tinkoff Bank rahbariyati bilan bogʻlanib, tadbirkor oʻz ulushini sotmasa, bankni milliylashtirish bilan tahdid qilgan.
Tinkovning tanqidi
Bank asoschisi Oleg Tinkov Rossiyaning Ukrainaga bosqini haqida keskin soʻzlar yozilgan post eʼlon qildi. Postda Tinkov hozirgi voqealardan birorta ham manfaatdor koʻrmayotgani, rossiyaliklarning 90 foizi bosqinga qarshi ekanini aytdi va ingliz tilida Gʻarbni yanada oqilona va insonparvar boʻlishga hamda sodir boʻlayotgan voqealarni toʻxtatishga chaqirdi.

Shundan soʻng Tinkoff Bank bayonot eʼlon qildi, unda tashkilot oʻz asoschisining soʻzlarini shaxsiy fikr deb qabul qilishni soʻradi.
Bank xabarida aytilishicha, Oleg Tinkov koʻp yillar davomida Tinkoff Group kompaniyalarida qaror qabul qiluvchi shaxs boʻlmagan, u Tinkoff xodimi ham emas, Rossiyada uzoq vaqt boʻlmagan va soʻnggi yillarda sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar bilan band boʻlgan.
Oleg Tinkov avvalroq — fevral oyining oxirida ham Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralagandi.
“Men oʻzim, deyarli ikki marta hayotning narigi tomonida boʻlganimda, soʻnggi 2 yil ichida uning qanchalik nozik ekaniga amin boʻldim! Va u biz ega boʻlgan yagona narsa! Hozir Ukrainada har kuni begunoh odamlar oʻlmoqda, buni aqlga sigʻdirib va qabul qilib boʻlmaydi!”, — deb yozgandi Tinkov.
Uning taʼkidlashicha, davlatlar pulni harbiy harakatlarga emas, balki odamlarni davolash va ilmiy tadqiqotlarga sarflashi kerak.


