Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Qashqadaryodagi 1200 ta maktabda “Mening kinoqahramonim” mavzusida insholar tanlovi oʻtkazilmoqda

Qashqadaryo viloyatida oʻtkazilayotgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bugun Qashqadaryo viloyatidagi 1200 ta maktabda “Mening kinoqahramonim” mavzusida insholar tanlovi oʻtkazilmoqda.

1200 dan ortiq maktabning 200 mingga yaqin 8–10-sinf oʻquvchilari klassik va zamonaviy milliy filmlar bilan tanishib, ijodiy insholar yozmoqda. Oʻquvchilarga namoyish etish uchun Abdulla Qodiriy asari asosida suratga olingan “Oʻtkan kunlar” (1969), Oʻzbekiston Prezidenti topshirigʻi bilan rejissyor Furqat Usmonov tomonidan suratga olingan “Abdulla Oripov” (2020), Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan “Ilhak” (2021) va rejissyor Ilhom Xaydarov toionidan suratga olingan “Matonat maktabi” (2022) filmlari tanlab olingan.

— Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov viloyatimizning Koson tumanida tugʻilganligidan fahrlanaman, maʼlumki uning 7 nafar aka-uka va opa-singillari bor edi, — deydi Qarshi tumanidagi 10-maktabning 9-sinf oʻquvchisi Nurmatov Quvonch. — Menga film juda yoqdi. Abdulla Oripov dono, vazmin, bilimli inson. Uning tajribasi biz uchun katta saboq boʻladi. Uning sheʼrlari maktab oʻquv dasturiga kiritilgan boʻlib, adabiyot rivojiga katta hissa qoʻshganini bilamiz. Uning haykali Toshkentdagi Yozuvchilar xiyoboniga oʻrnatilgan, biz uni koʻrish uchun albatta boramiz.

— Zulfiya Zokirovaning hikoyasi meni juda ham taʼsirlantirdi. U hech bir ona chiday olmaydigan fojiaga bardosh berdi, — deydi 10-maktab oʻquvchisi Rahmatullayeva Charos. — Filmni koʻrib hammamiz yigʻladik. Bu qoʻrqinchli, lekin ayni paytda juda taʼsirli va muhim hikoya. Unda Vatanga sadoqat, xalqimizning buyuk jasorati haqida soʻz boradi.

— Biz “Matonat maktabi” filmini tomosha qildik. Tokio Olimpiadasida gʻolib boʻlgan paralimpiyachi sportchimiz Elbek Sultonovning matonati meni juda ham ruhlantirdi. Biz, yoshlar hayotda oʻz oʻrnimizni topishimiz uchun Prezidentimiz tomonidan juda koʻp ishlar amalga oshirilmoqda, biz ham shunga yarasha bilimlarimizni oshirishimiz, oʻqib oʻrganish uchun bor kuchimizni ishga solishimiz lozim, — deydi 10-maktabning 9-A sinf oʻquvchisi Avliyaqulov Ozod.

— Biz toʻrtta film namoyishini tashkil etdik va ushbu tashabbus bolalarni qanchalik ilhomlantirayotganiga, ular obraz va personajlar bilan ishlayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Ular insho ustida ishlashga puxta tayyorgarlik koʻrishmoqda va masʼuliyat bilan yondashmoqda, — deydi Qarshi tumanidagi 10-umumtaʼlim maktabining ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Xafiza Xudoyberdiyeva.

— Bugun maktablarda insholar koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtmoqda, keyinroq tuman bosqichi boʻlib oʻtadi, 15 ta tumanning eng yaxshi oʻquvchilari esa viloyat bosqichida gʻoliblik uchun kurash olib boradi. Insholar tanlovi 17 mayga qadar davom etadi, – deydi Qarshi viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Karimov Toʻlqin Tursunovich.

— Maqsadimiz bolalarning milliy kinoga boʻlgan mehrini uygʻotish, shuningdek, real hayotda uchrashi mumkin boʻlgan qahramonlarning turli xarakterlarini koʻrsatishdan iborat. Oʻtkazilayotgan aksiya yoshlarning maʼnaviyatini shakllantirishga, yaxshilik va yomonlik, sadoqat va xiyonat nima ekanligini haqida hayotiy misollar yordamida maʼlumot berishga yordam beradi, natijada yoshlar hayotda toʻgʻri yoʻlni tanlashga oʻrganadi, – deb fikr bildirdi Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

Qashqadaryo viloyatida oʻtkazilayotgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda.