Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Toshkent shahrini rivojlantirish boʻyicha maxsus qaror qabul qilindi

Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 6 maydan kuchga kirdi.

Foto: Bavatour

Vazirlar Mahkamasining “2022-2026 yillarda Toshkent shahri hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 236-son qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Toshkent shahrida 2022-2026 yillarda yalpi hududiy mahsulot hajmini 1,6 baravarga, sanoat mahsulotlari hajmini 1,4 baravarga, xizmatlar hajmini 3 baravarga hamda qurilish ishlari hajmini 1,6 baravarga oshirishni nazarda tutuvchi shahar va tumanlar kesimidagi maqsadli koʻrsatkichlar parametrlari;
  • Hududlarda aholi bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar davomida bildirilgan takliflar va aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan mavjud muammolarni tezkor bartaraf etishga qaratilgan hamda amaliy tadbirlarni oʻz ichiga olgan “yoʻl xaritasi”;
  • 2022 yilda Toshkent shahrida muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini rivojlantirish hamda ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash boʻyicha kompleks tadbirlar.

Qaror bilan shunday tartib oʻrnatildiki, unga koʻra:

  • har oyda tumanlar sektor rahbarlari xalq deputatlari Kengashlarida loyihalar ijrosi yuzasidan hisobot berib boradi;
  • har oy yakuni bilan Toshkent shahar hokimi xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashida loyiha parametrlarini va koʻrsatkichlari ijrosi hamda erishilgan natijalarni muhokama qilib boradi;
  • har chorakda Oʻzbekiston bosh vazirining oʻrinbosarlari tegishli vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va tijorat banklari ishtirokida joylarga chiqqan holda oʻz yoʻnalishlari boʻyicha loyiha vazifalarning bajarilishi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazadi va zarur tadbirlarni belgilaydi;
  • har chorak yakuni bilan loyiha ijrosi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida koʻrib chiqiladi va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Prezident Administratsiyasiga axborot kiritib boriladi.

Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 6 maydan kuchga kirdi.

Avvalroq Avvalroq Qoraqalpogʻiston, Qashqadaryo va Andijonni rivojlantirish boʻyicha besh yillik dasturlar tasdiqlangandi.