Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Tinkoff Bank rebrending oʻtkazadi. Oleg Tinkov Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralagandi

Bank biznesmen Oleg Tinkov bilan bogʻlanmaydigan yangi nomga ega boʻladi.

Foto: Maksim Shemetov / Reuters

Tinkoff 2022 yilda rebrending oʻtkazadi va eski brenddan foydalanishni toʻxtatadi. Bu haqda kredit tashkilotining Telegram kanalida xabar berildi.

Taʼkidlanishicha, bank biznesmen Oleg Tinkov bilan bogʻlanmaydigan yangi nomga ega boʻladi.

“Biz Tinkoff brendini tarixda qoldirishga qaror qildik va yangi jonli brend ostida Rossiya bozorida eng yaxshi moliyaviy mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqishda davom etamiz”, deyiladi bayonotda.

Kompaniya bu qadamga uzoq vaqtdan beri tayyorgarlik koʻrganini va yaqinda sodir boʻlgan voqealar bu qarorni yanada dolzarblashtirganini tushuntirdi.

“Tinkoff uzoq vaqtdan beri nom brendining asl maʼnosidan oshib ketdi: bugungi kunda Tinkoff faol chakana mijozlar soni boʻyicha mamlakatdagi ikkinchi yirik xususiy bankdir, Tinkoff biznesini koʻp yillar davomida rus menejerlari jamoasi muvaffaqiyatli boshqarib kelmoqda va Rossiya hamda xorijda oʻn minglab investorlar bankka egalik qiladi”, deyiladi axborotda.

Oleg Tinkov soʻnggi yillarda asosan Londonda yashagan va u yerda leykemiyadan davolangan. Shu yilning mart oyidan beri tadbirkor Britaniya sanksiyalari ostida qoldi. Kompaniya taʼkidlashicha, taʼsischi uzoq vaqtdan beri ishsiz boʻlgan va hozir u kompaniyaning “20 million mijozidan biri, xolos”.

Tinkovning tanqidi

Bank asoschisi Oleg Tinkov Rossiyaning Ukrainaga bosqini haqida keskin soʻzlar yozilgan post eʼlon qildi. Postda Tinkov hozirgi voqealardan birorta ham manfaatdor koʻrmayotgani, rossiyaliklarning 90 foizi bosqinga qarshi ekanini aytdi va ingliz tilida Gʻarbni yanada oqilona va insonparvar boʻlishga hamda sodir boʻlayotgan voqealarni toʻxtatishga chaqirdi.

Shundan soʻng Tinkoff Bank bayonot eʼlon qildi, unda tashkilot oʻz asoschisining soʻzlarini shaxsiy fikr deb qabul qilishni soʻradi.

Bank xabarida aytilishicha, Oleg Tinkov koʻp yillar davomida Tinkoff Group kompaniyalarida qaror qabul qiluvchi shaxs boʻlmagan, u Tinkoff xodimi ham emas, Rossiyada uzoq vaqt boʻlmagan va soʻnggi yillarda sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar bilan band boʻlgan.

Oleg Tinkov avvalroq — fevral oyining oxirida ham Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralagandi.

“Men oʻzim, deyarli ikki marta hayotning narigi tomonida boʻlganimda, soʻnggi 2 yil ichida uning qanchalik nozik ekaniga amin boʻldim! Va u biz ega boʻlgan yagona narsa! Hozir Ukrainada har kuni begunoh odamlar oʻlmoqda, buni aqlga sigʻdirib va qabul qilib boʻlmaydi!”, — deb yozgandi Tinkov.

Uning taʼkidlashicha, davlatlar pulni harbiy harakatlarga emas, balki odamlarni davolash va ilmiy tadqiqotlarga sarflashlari kerak.