Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni munosabati bilan vodiy boʻylab kinokarvon aksiyasi tashkil etildi

Kinokarvondagi ijodkorlar Hurriyat MFYda Muhammadali Qambarov boshchiligidagi mehribonlik uyiga tashrif buyurdi.

Oʻzbekistonda 15 aprel Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni munosabati bilan Kinematografiya agentligi tashabbusi bilan Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan vodiy boʻylab kinokarvon safarlari uyushtirildi.

11-16 aprel kunlari kinoijodkorlar Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlariga ijodiy safar qildi. Birinchi kuni Fargʻona viloyatining Toshloq, Qoʻshtepa tumanlari va Margʻilon shahar Madaniyat markazlarida ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi. Yigʻilganlarga kinematografiya sohasidagi soʻnggi yangiliklar boʻyicha maʼlumotlar berildi, soʻng milliy qoʻshiqlardan iborat konsertlar tashkil etildi.

Kinokarvon tarkibida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Xosiyat Husanova, “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishoni sohibasi Vazira Yunusova, “Shuhrat” medali sohibi Rasulxon Qodirxonov, aktyorlar Umid Iskandarov, Begzod Tojiyev ishtirok etishmoqda.

“Biz Kinematografiya agentligi tomonidan tashkil etilgan Kinokarvon bilan vodiy boʻylab safar qilyapmiz. Bizni hamma uchrashuvlarda juda iliq kutib olishdi. Kinokarvon bilan olib kelingan milliy filmlar ham barchaga birdek manzur boʻldi”, — dedi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Xosiyat Husanova.

Ikkinchi kuni Margʻilon shahar hokimligi, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi, Qoʻshtepa, Oltiariq va Toshloq tumanlarida uchrashuvlar oʻtkazildi. Fargʻona shahar saxovat uyida boʻlib, muruvvatga muhtoj keksalar va nogironlar holidan xabar olindi. Kinoijodkorlar bilan samimiy suhbatlar tashkil etildi.

Yigʻilganlarga Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Jamilaxon Poʻlatovaning “Ayol qalbi” kinokartinasi namoyish etildi. Mazkur kinokartina tibbiyot sohasida samarali faoliyat olib borayotgan, bemorlarning dardiga darmon boʻlayotgan shifokor ayol taqdiri xaqida hikoya qiladi.

Ssenariy mualliflari Jamilaxon Poʻlatova va Zulfiya Yoʻldosheva, postanovkachi rejissyor Jamilaxon Poʻlatova, operatorlar Dilmurod Turdiboyev, Diyor Ismatov, postanovkachi rassom Erkin Xushmatov, kompozitorlar Shuhrat Zokirov, Sardor Ergashev, kartina direktori Muzaffar Saʼdullayev.

Kinokarvon Fargʻona viloyati hokimligi Xalq taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi 90-kar bolalar uchun ixtisoslashtirilgan Maktab internatiga ham tashrif buyurdi. Internatda bolalar kinoijodkorlarni juda samimiy munosabatda kutib olishdi.

“Kinokarvon bizning maktab internatga tashrif buyurib bolalarni juda xursand qildi. Agentlikka kattakon tashakkur izhor etamiz. Mana shunday ijodiy uchrashuvlar yanada koʻp boʻlsin”, — deya xursandchilikda soʻzladi internat direktori Azamatjon Madaminov.

Kinokarvon uchinchi kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurdi. Ikki kun davomida Andijon iqtisodiyot va qurilish institutida, Andijon tibbiyot instituti, Andijon mashinasozlik institutida, Andijon davlat universitetida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti rektori Umid Toʻychiboyev kinoijodkorlarni iliq kutib olib, koʻproq tashriflar uyushtirish taklifini berdi.

Haftaning beshinchi kunida Kinokarvon Namangan viloyatiga keldi. Dastavval Namangan viloyati Uychi tumani Madaniyat markazida 15 aprel Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni munosabati bilan kinoijodkorlar ishtirokida katta tadbir tashkil etildi.

Soʻng kinoijodkorlar Namangan viloyati Uychi tumani Beruniy MFYda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan Oyruxsor Mamatvaliyeva xonadonida boʻlishdi, esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

“Mamatvaliyeva Oyruxsor kino sanʼatiga juda qiziqishini, elimiz suygan mashhur aktyorlar bilan uchrashishni orzu qilib yashashini aytdi. Biz uning orzusini amalga oshirish uchun Kinematografiya agentligiga bogʻlandik, ular bajonidil bu taklifimizni qabul qilishdi va Oyruxsorning xonadoniga tashrif buyurishib, dildan suhbatlashishdi. «Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da Kinokarvon tashabbusi barcha aholini qalbidan joy egallaydi. Biz tashrifdan juda ham mamnun boʻldik va kinoijodkorlarga tashakkur aytamiz», — deydi Uychi tumani hokim oʻrinbosari Abror Sobirov.

Kinokarvondagi ijodkorlar Hurriyat MFYda Muhammadali Qambarov boshchiligidagi mehribonlik uyiga tashrif buyurdi. Davra suhbatlari va muloqotlar boʻlib oʻtdi. Barcha kinoijodkorlarni iliq kutib oldi.

Kinokarvonning boshqa viloyatlar boʻylab safarlari hali davom etadi. Oldinda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Samarqand viloyatlariga safarlar boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.