Mart oyida Xitoyning Rossiyaga mahsulot eksporti boshqa mamlakatlarga yetkazib berish hajmining oʻsganiga qaramay, keskin kamaydi. Bu Xitoy kompaniyalari Rossiya bilan savdo qilishda ehtiyotkor ekanidan dalolat beradi, deb yozadi Bloomberg.
Mart oyida Xitoy kompaniyalari Rossiyaga 3,8 milliard dollarlik mahsulot sotdi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 7,7 foizga kam. Bu COVID-19 epidemiyasi butun jahon savdosiga jiddiy taʼsir koʻrsatgan 2020 yil may oyidan keyingi eng past koʻrsatkichdir.
Tahlilchilar fikricha, Rossiyaga nisbatan sanksiyalarning kuchaytirilgani, rublning qadrsizlanishi va AQSHning mamlakatda dollardan foydalanishni murakkablashtirgan harakatlari Xitoy kompaniyalariga mahsulot eksport qilishiga toʻsqinlik qilmoqda.
Shu bilan birga, Rossiyadan Xitoyga import hajmi 2021 yilga nisbatan 26,4 foizga oshdi, ehtimol, tovar narxining oshishi bilan bogʻliq. Xitoy, asosan, Rossiyadan neft, gaz, koʻmir va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib oladi, elektron jihozlar, transport vositalari va turli mashinalar sotadi.
Xususan, Xitoy mart oyida Rossiyadan 387 ming tonna suyultirilgan gaz oldi (2021 yilning ushbu oyi uchun bu koʻrsatkich 317 ming tonnani tashkil etgan). Avstraliya Xitoyga asosiy suyultirilgan yetkazib beruvchisi boʻlib qolmoqda.
Mavsumiy quvurlarga texnik xizmat koʻrsatish va Xitoyda koronavirus holatlarining koʻpayishi tufayli may oyidagi import kamayishi mumkin. Shu bilan birga, yozda u baribir 3 milliard kub metrga oʻsishi mumkin.
BloombergNEF gaz tahlilchisi Luszya Saoning fikricha, “Gazprom” 2024 yilga kelib eajmni 38 milliard kub metrga yetkaza oladi.
Avvalroq AQSH Rossiyaga eksportga qoʻyilgan cheklovlarni eʼtiborsiz qoldiradigan Xitoy kompaniyalariga nisbatan qattiq choralar koʻrishga tayyorligi maʼlum qilingandi. AQSH Savdo vazirligi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni eʼtiborsiz qoldiradigan Xitoy kompaniyalariga AQSHning apparat va dasturiy taʼminotidan foydalanishni man etadi.
Shuningdek, Gʻarb OAVlari AQSH milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivanga tayanib, Gʻarb sanksiyalari fonida Xitoy va boshqa davlatlarning Moskvaga yordam berishga urinishlari eʼtibordan chetda qolmasligi haqida xabar berdi.


