“Sberbank” oʻz mijozlarining xorijiy aktivlarini boshqa brokerlarga oʻtkazishga qaror qildi, deyiladi bank saytidagi xabarda.
Qayd etilishicha, transfer 13 aprelga qadar markazlashtirilgan holda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bank mijoz pul oʻtkazmasini rad etishi yoki oʻzi brokerni tanlashi mumkin emasligini taʼkidlagan.
“Bank mijozlarning xorijiy qimmatli qogʻozlarini sanksiyalar roʻyxatiga kiritilmagan boshqa depozitariyga oʻtkazishga qaror qildi. Biz bu qadamni siz aktivlaringizni cheklovsiz boshqarish imkoniyatini saqlab qolishingiz uchun tashladik”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, “Sberbank” Rossiyada roʻyxatdan oʻtgan emitentlarning qimmatli qogʻozlari bilan mijozlarga xizmat koʻrsatishni davom ettiradi.
“Agar sizning portfelingizda xorijiy qimmatli qogʻozlar boʻlsa, cheklovlar sizga taʼsir qiladi”, deyiladi bank xabarida.
“Sber”ning taʼkidlashicha, oʻtkazma xorijiy kompaniyalarning qimmatli qogʻozlariga, shuningdek, Rossiya kompaniyalarining mamlakatdan tashqarida chiqarilgan va roʻyxatdan oʻtgan qimmatli qogʻozlariga taʼsir qiladi. Ular orasida Yandex, “Tinkoff”, Polymetal, X5 Group, VK, Lenta, Ozon va boshqalar bor.
Avvalroq AQSH Rossiyaning eng yirik banki “Sberbank” va mamlakatning eng yirik xususiy banki “Alfa-Bank”ga nisbatan toʻliq blokirovka qiluvchi sanksiyalar joriy qilayotgani haqida xabar berilgandi.
Sanksiyalar “Sberbank” va “Alfa”ning AQSH moliya tizimi bilan bogʻliq aktivlarini toʻliq muzlatish va mamlakat fuqarolariga ushbu kredit tashkilotlari bilan hamkorlik qilishni taqiqlashni nazarda tutadi.


