Rossiyada banklar tomonidan naqd pul sotishning taqiqlanishi fonida ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda valyuta ayirboshlash boʻyicha guruhlar paydo boʻla boshladi. Bu haqda “Kommersantʼ” yozmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, Telegramʻda “valyuta ayirboshlash”, “dollar sotib olish” yoki “Moskva valyuta birjasi” soʻrovlarining oʻzida oʻnlab kanallarni topish mumkin.
Ushbu kanallarning aksariyati mart oyining birinchi ikki haftasida yaratilgan yoki faollashtirilgan. Ayrim kanallar “dollar sotib olish mumkin boʻlgan joylar toʻgʻrisida dolzarb maʼlumotlarni” eʼlon qilib, qaysi almashtirish nuqtalaridan va qanday narxda chet el valyutasini sotib olish mumkinligi haqida axborot beradi.
Shuningdek, shaharlar boʻyicha guruhlar mavjud boʻlib, ularda ishtirokchilar valyutani maʼlum bir narxda sotishni taklif qiladi yoki ularga qancha valyuta kerakligi va qancha toʻlashga tayyorligini yozadi. Bunday guruhlardagi narx yorligʻi bir dollar yoki yevro uchun 200 rublga yetadi.
“Soya segmenti doimo inqirozlar kelganda paydo boʻladi, misol sifatida 2008 va 2014 yillarni eslashimiz mumkin. Oʻshanda bu doʻstlar, tanishlar, shunchaki Internet saytlari boʻlishi mumkin edi. Hozir esa ularning oʻrnini Telegram kanallari egalladi. Shakl oʻzgaradi, lekin maʼno oʻzgarmaydi. Shuningdek, bu harakatlarning barchasi noqonuniydir”, — dedi Pen & Paper advokatlar uyushmasi hamkori Stanislav Danilov.
Forward Legal huquqshunosi Timur Tajirovning ogohlantirishicha, Rossiyada noqonuniy valyuta ayirboshlash uchun maʼmuriy javobgarlik noqonuniy valyuta oldi-sotdisi summasining 75 foizidan 100 foizigacha boʻlgan miqdordagi jarima koʻrinishida nazarda tutiladi.
“Shunday qilib, qoidabuzarlar qora bozorda ayirboshlanadigan barcha valyutani yoʻqotishi mumkin”, — dedi ekspert.
Avvalroq Rossiyaning 300 milliard dollarlik oltin-valyuta zaxirasi muzlatilgani sababli qarzlarni toʻlashda muammolar yuzaga kelayotgani xabar qilingandi. Shuningdek, Hindiston va Rossiya hisob-kitoblarni rupiy va rublda amalga oshirishga oʻtishi mumkinligi haqida xabar berildi.


