Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Oʻzbekiston soʻmining real almashuv kursi uch yilda qanchaga mustahkamlangani maʼlum boʻldi

Soʻm real almashuv kursining mustahkamlanishi milliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligi pasayishiga olib kelishi mumkin.

Foto: Kommers.uz

Oʻzbekiston soʻmining real almashuv kursi 2018–2021 yillarda 31,5 foizga mustahkamlandi. Bu haqda Moliya vazirligining 2021 yil yakunlari boʻyicha makroiqtisodiy koʻrsatkichlar sharhida maʼlum qilindi.

Asosiy savdo hamkorlar bilan 2018–2021 yillarda soʻmning real samarali almashuv kursi (2018 yil yanvarga nisbatan) oʻrtacha 31,5 foizga mustahkamlandi. Bu oʻz navbatida milliy ishlab chiqaruvchilarning asosiy savdo hamkor davlatlar ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatbardoshligining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Xususan, 2018–2021 yillarda soʻmning real almashuv kursi (2018 yil yanvarga nisbatan) Rossiya rubliga nisbatan 25,9 foizga mustahkamlandi. Natijada Rossiya bilan savdo balansining manfiy saldosi 2,4 martaga oshib, 1,4 milliard dollardan 3,4 milliard dollarga yetdi.

Shuningdek, deyarli barcha tovar va xizmat guruhlarida import hajmi koʻpayib borgan boʻlsa, eksportda toʻqimachilik mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlarining oʻsish tendensiyasi kuzatilib, boshqa turdagi mahsulotlar boʻyicha pasayish kuzatilgan. Shu bilan birga savdo balansining manfiy saldosi yuzaga kelishiga energiyatashuvchilar eksportining keskin tushishi ham sabab boʻlgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari importi 2018 yilgi koʻrsatkichga nisbatan deyarli ikki barobar koʻpaygan. Shu bilan birga oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha import koʻrsatkichi eksport koʻrsatkichidan tahlil qilinayotgan yillarda qariyb ikki marta koʻpdir.

Avvalroq Oʻzbekiston banklarining pul bozoridagi faolligi bir yil oldingi koʻrsatkichdan tushib ketgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, iqtisodchi Otabek Bakirov tashqi omillar milliy valyutaga taʼsir qilmayotganini maʼlum qildi.