Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Aholi va biznesga ajratilgan kreditlar miqdori keskin oshdi

Yil davomida milliy valyutada ajratilgan kreditlar 276,4 trln soʻmga yetgan. Shundan 156,8 trln soʻmi jismoniy shaxslarga, 108,8 trln soʻmi korxonalarga berilgan.

Foto: TASS

Oʻzbekistondagi banklar 2025 yilda aholi va biznesga 390 trillion soʻm kredit ajratdi. Foizli qarz ajratish koʻrsatkichi 2024 yildagiga (287,2 trillion soʻm) nisbatan qariyb 36 foizga oshgan.

Markaziy bank tahliliga koʻra, oʻtgan yili mamlakatda kreditlash faolligi barqaror oʻsgan.

Yil davomida milliy valyutada ajratilgan kreditlar 276,4 trillion soʻmga yetgan (2024 yilda — 193,3 trillion soʻm). Shundan 156,8  trillion soʻmi jismoniy shaxslarga, 108,8 trillion soʻmi korxonalarga berilgan. Soʻmdagi foizli qarzlar umumiy portfel oʻsishining asosiy manbasi boʻlgan.

“2025 yilda yakka tartibdagi tadbirkorlarga — 10,8 trillion soʻm miqdorida kreditlar ajratildi”, deyiladi Markaziy bank tahlilida.

​Oʻtgan yilda chet el valyutasida berilgan kreditlar soʻm ekvivalentida 113,6 trillion soʻmni tashkil etgan (2024 yilda — 94 trillion  soʻm). Xorijiy kreditlarning asosiy ulushi, yaʼni 113,1 trillion soʻmi korxonalar hissasiga toʻgʻri kelgan. Qolgan 441,5 mlrd soʻmni yakka tartibdagi tadbirkorlar olgan.

“2024–2025 yillarda ajratilgan kreditlar tarkibida milliy valyutada moliyalashtirish ulushi oshgan, yuridik shaxslarning chet el valyutasidagi kreditlarga talabi saqlanib qolgan”, deya qayd etgan regulyator.

​Avvalroq Markaziy bank 2025 yilda soʻmning dollarga nisbatan almashuv kursi 6,9 foizga mustahkamlanganini maʼlum qilgan. Bu iqtisodiyotda soʻmga boʻlgan ishonchni oshirgan muhim omil ekani bildirilgan.