IELTS ingliz tilini bilish darajasini baholash xalqaro tizimi Rossiyadagi barcha imtihonlarni bekor qildi. Bu haqda “Kommersantʼ” xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, IELTS test topshirishni rejalashtirgan rossiyaliklarga xat yoʻllab, imtihon sessiyalari bekor qilinishi haqida ogohlantirgan.
“Tashqi siyosiy vaziyatning keskinlashuvi natijasida Rossiya Federatsiyasida IELTS imtihonlari egalari — British Council va Cambridge Assessment English qarori bilan barcha IELTS imtihonlari sessiyalari toʻxtatildi”, deyiladi xabarda.
IELTS imtihon topshiruvchilarni imtihon uchun toʻlangan mablagʻni zudlik bilan testga tayyorgarlik kurslariga oʻtkazishni taklif qildi. Aks holda pul Rossiyada birinchi imtihon sessiyalari qayta tiklanmaguncha muzlatib qoʻyiladi.
“Afsuski, hozirda bizda roʻyxatdan oʻtish uchun yangi mavjud sanalar haqida aniq maʼlumot yoʻq, ammo biz sizning imtihoningizni imkon qadar tezroq tashkil qilish uchun barcha saʼy-harakatlarimizni qilamiz”, deyiladi kompaniya xabarida.
Avvalroq Italiya bosh vaziri Rossiyaga qarshi sanksiyalar uzoq vaqt davom etishini aytgani xabar qilingandi. Shuningdek, Shell va BP Rossiya neftidan voz kechishini eʼlon qilgani haqida xabar berildi.


