“Mahalla” xayriya jamoat fondi 2021 yilda fuqarolar yigʻinlarini kompyuter va mebel jihozlari bilan taʼminlashga 6,5 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirgan. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Mahalla” xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Hasan Salomov oʻtgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, 4 mingdan ortiq mahalla idoralarining kommunal toʻlovlardan boʻlgan 2 milliard soʻmdan ziyod qarzdorligi qoplab berilgan.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni manzilli qoʻllab-quvvatlashga 1,5 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarf etilgan. Yana shuncha mablagʻ boquvchisini yoʻqotgan, voyaga yetmagan yetimlar, yakka-yolgʻiz qariyalar, nogironlar hamda tabiiy ofatlardan aziyat chekkanlarga moliyaviy yordam koʻrsatishga yoʻnaltirilgan.
Jumladan, 58 nafar fuqaroga nogironlik aravachalari, 49 nafar fuqaroga esa eshitish va ortopedik moslamalar olib berilgan. 5 mingdan ziyod aholiga kiyim-kechak, 4 mingga yaqiniga esa oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilgan. Shuningdek, 3 ming nafar fuqaroga naqd pul koʻrinishidagi moddiy yordamlar koʻrsatilgan.
“Fondimiz kam taʼminlangan oilalarni issiq kiyim-kechaklar bilan taʼminlash masalasiga ham alohida yondashib kelmoqda. Oʻtgan bir yilda ʻMuruvvatʻ va ʻSaxovatʻ uylarida yashovchi vatandoshlarimiz hamda ehtiyojmand aholi qatlamiga salkam 1 milliard soʻmlik kiyim-kechak mahsulotlari olib berildi”, deyiladi xabarda.


