Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

“Bu ishlarni ilmiy asoslangan tarzda davom ettiramiz” — Prezident qurigan Orol tubida “yashil qoplama” yaratish haqida

Orolboʻyining flora va faunasini yaxshilash boʻyicha 5 yillik milliy dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 23 fevral kuni Moʻynoq shahriga keldi. Prezident Orol dengizining qurigan joyiga borib, vaziyatni koʻzdan kechirdi.

Prezident 2018 yili Moʻynoqqa tashrifi chogʻida olimlar bilan maslahatlashib, u yerda shoʻrga chidamli oʻsimliklar ekish vazifasini belgilagan edi.

Davlat rahbariga shu borada qilingan ishlar haqida axborot berildi. Xususan, oʻtgan yillarda dengizning suv qurigan qismida 1 million 524 ming gektar toʻqayzor barpo etilgan. Buning uchun saksovul, qoraboʻroq, qandim, cherkez kabi choʻl oʻsimliklaridan qariyb 6 ming tonna urugʻ tayyorlanib, qiyin sharoitlarda ekilgan. Bu ishlarda 4 mingdan ziyod ishchi qatnashib, 1600 dona texnika, samolyotlar jalb etilgan.

Bu xayrli, dolzarb harakat davom ettirilmoqda. 2022 yilda 100 ming gektar maydonda “yashil qoplama” barpo qilish rejalashtirilgan. Bugungi kunda shundan 26 ming gektarida ish boshlangan, 562 tonna urugʻlar tayyorlangan. Shuningdek, 100 gektar maydonda koʻchatxona tashkil qilinmoqda.

Prezident bu yerda ekologlar va oʻrmon xoʻjaligi mutaxassislari bilan suhbatlashdi.

“Biz shu murakkab sharoitda ekish boʻyicha katta tajriba orttirdik. Bu yerga oʻzim kelishimdan maqsad — endi bu ishlarni ilmiy asoslangan tarzda davom ettiramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, Prezident ilmiy izlanishlar qilib, hudud tuprogʻiga mos navlar yaratish, keyingi bosqichda chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan. Orolboʻyining flora va faunasini yaxshilash boʻyicha 5 yillik milliy dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgan.

Avvalroq Orol dengizining qurigan qismi yiliga qancha iqtisodiy zarar keltirishi xabar qilingandi. Shuningdek, Prezident Toshkent — Moʻynoq — Nukus aviaqatnovi yoʻlga qoʻyilishini aytgani haqida xabar berildi.