Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Gʻarbdan Rossiyaga javob: Germaniya “Shimoliy oqim-2”ni sertifikatlashni toʻxtatadi

Sertifikatlashsiz gaz quvuri ishga tushirilmaydi.

Foto: Anton Vaganov

Germaniya Rossiyaning Lugansk va Doneskni tan olishiga javoban “Shimoliy oqim-2” gaz quvurini sertifikatlashni toʻxtatishga qaror qildi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Shols Germaniya Iqtisodiyot vazirligidan Federal tarmoq agentligiga taqdim etilgan mamlakatga taʼminot xavfsizligi boʻyicha hisobotini qaytarib olishni soʻragan.

“Bu qaror faqat texnik qimmatga ega boʻlib tuyulishi mumkin, ammo bu ayni paytda quvurning sertifikatlanmaganligiga ishonch hosil qilish uchun zarur maʼmuriy qadam hisoblanadi”, — degan Germaniya kansleri. Ushbu sertifikatsiz quvurni ishga tushirish mumkin emas, deya tushuntirgan u.

Qayd etilishicha, “Shimoliy oqim-2” loyihasi 2021 yilning sentyabrida yakunlangan. Uni ishga tushirish uchun Nord Stream 2 AG quvuri operatori Germaniya va Yevropa regulyatorlaridan ruxsat olishi kerak.

Noyabr oyida nemis regulyatori loyihaning Germaniya qonunlariga mos kelmasligi sababli sertifikatlashni allaqachon toʻxtatib qoʻygan edi, biroq 2022 yil boshida “Shimoliy oqim-2” operatori nemis shoʻba korxonasini ochish orqali bu kelishmovchilikni bartaraf etgan.

“Bugun vaziyat tubdan oʻzgargan. Shuning uchun ham biz bu vaziyatni soʻnggi voqealar nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqishimiz kerak”, — degan Shols.

Maʼlumot oʻrnida, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Lugansk va Doneskning mustaqilligini tan olish toʻgʻrisidagi farmonlarni hamda ushbu respublikalar bilan doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisidagi shartnomalarni imzoladi. Bir kundan keyin Davlat Dumasi ushbu shartnomalarni bir ovozdan ratifikatsiya qildi. Putin, shuningdek, rus qoʻshinlariga Lugansk va Doneskda “tinchlikni saqlashni taʼminlash” haqida koʻrsatma berdi.

Avvalroq Bayden Rossiya va Ukraina oʻrtasida urush chiqsa, “Shimoliy oqim-2”ni toʻxtatishga vaʼda bergani xabar qilingandi. Shuningdek, Lugansk va Donesk tan olinganidan soʻng Rossiya fond bozori qulagani haqida xabar berildi.