Ijtimoiy tarmoqlarda HY-271 Toshkent–Istanbul yoʻnalishi boʻyicha Qora dengiz ustidagi havo maydonidan amalga oshirilgan parvoz haqida xabarlar tarqaldi. Uzbekistan Airways axborot xizmati holat boʻyicha izoh berdi.
Qayd etilishicha, Har bir reysning parvoz yoʻnalishi uni amalga oshiradigan aviakompaniya tomonidan ob-havo va barcha davlatlarning havo maydonidagi vaziyatni batafsil tahlil qilish asosida tanlanadi. Ushbu yoʻnalishdagi parvozlarni cheklovchi aeronavigatsiya maʼlumotlari yoʻq boʻlgan.
“19 fevral kungi parvoz uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida hamda xavfsizlik talablaridan kelib chiqqan holda, HY-271 qatnovini Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Kaspiy dengizi, Rossiya, Shimoliy Kavkaz, Qora dengiz va Turkiya orqali oʻtadigan marshrut boʻyicha amalga oshirish rejalashtirilgan edi”, deyiladi xabarda.
Maʼlum qilinishicha, Qora dengiz ustidagi havo maydoni parvozlar uchun toʻliq ochiq va xavfsiz edi. Ayni shu hududda va shu vaqtda Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Boeing 757 samolyoti yaqinida Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Iroq va boshqa mamlakatlardagi bir qator aviatashuvchilarning samolyotlari ham oʻz parvozini amalga oshirgani buni tasdiqlaydi.
Xabarga koʻra, Qora dengiz ustidan havo kemalari harakati xavfsizligi har doimgidek Rossiya havo harakatini nazorat qilish organlari (Rostov havo harakatini nazorat qilish markazi) va Turkiya (Anqara parvoz maʼlumoti hududi) tomonidan uzluksiz taʼminlandi. Shu bilan birga, Rostov havo harakatini nazorat qilish markazining dispetcheri tomonidan samolyot ekipajiga Qora dengizdagi yuqorida koʻrsatilgan marshrutga kirish va undan foydalanish uchun ruxsat berilgan.
“Taʼkidlash joizki, har bir aviakompaniya aviaqatnovlarning parvoz yoʻnalishini belgilangan xavfsizlik talablari asosida, barcha davlatlarning havo maydonidagi vaziyatni batafsil tahlil qilish orqali tanlaydi. Mobodo maʼlum bir cheklovlar mavjud boʻlsa, aviakompaniya ekipaji ushbu hududni chetlab oʻtish uchun muqobil yoʻnalishlarni tahlil qilib chiqib, bu borada yakuniy qaror qabul qiladi”, deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, havo kemasida boʻlgan 155 nafar yoʻlovchining hayotiga hech qanday xavf yuzaga kelmagan. Parvoz qatʼiy belgilangan jadval asosida, xalqaro havo transporti standartlariga toʻla rioya qilqingan holda amalga oshirilgan.


