Google kompaniyasi oʻzining Android operatsion tizimining dasturiy taʼminotiga foydalanuvchilarni kuzatish imkoniyatini cheklaydigan oʻzgartirishlar kiritishga qaror qildi. Bu haqda kompaniya vitse-prezidenti Entoni Chaves maʼlum qildi.
Chavesning taʼkidlashicha, bu koʻp yillik tashabbus boʻlib, uning yordamida kompaniya bepul kontent va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini cheklab qoʻymasdan foydalanuvchilar maʼlumotlarining maxfiyligini yaxshilamoqchi.
U Google Playʻdagi ilovalarning 90 foizidan ortigʻi bepul va bu asosan reklama hisobiga ekanini eslatib oʻtgan.
“Foydalanuvchilar, ishlab chiquvchilar va bizneslarga foyda keltiradigan sogʻlom ilova ekotizimini taʼminlash uchun sanoat foydalanuvchilarning maxfiyligini oshirish bilan birga raqamli reklamani rivojlantirishda davom etishi kerak”, — deydi Google vitse-prezidenti.
Google kompaniyasining ushbu qarori foydalanuvchi maʼlumotlarini va identifikatorlarni uchinchi shaxslarga oʻtkazishni cheklashi kutilmoqda.
The Wall Street Journalʻning tushuntirishicha, kompaniyalar ushbu identifikatorlardan reklama maqsadida internetdagi foydalanuvchi xatti-harakatlarini kuzatish uchun foydalanishi mumkin.
Avvalroq Shvetsiyaning PriceRunner kompaniyasi Googleʻdan 2,1 milliard yevro talab qilgani xabar qilingandi.


