Rossiyaning 2021 yilgi noxomashyo mahsulotlar eksporti rekordni yangiladi va 193 milliard dollarga yetdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 37 foizga koʻpdir. Bu haqda Dubaydagi “EKSPO-2020” koʻrgazmasi arafasida Rossiya eksport markazi bosh direktori Veronika Nikishina maʼlum qildi.
“Oʻtgan yili biz eksportning barqaror oʻsishini qayd etdik. Eksportning umumiy hajmi qariyb 492 milliard dollarni tashkil etdi, bu 2014 yilning rekord darajasini deyarli takrorlaydi. Eksport tarkibida noxomashyo tovarlari doimiy ravishda xomashyodan oshib bormoqda, oʻtgan yilda ularning ulushi qariyb 64 foizni tashkil etdi”, — deydi u.
Taʼkidlanishicha, 2021 yilda noxomashyo va noyenergetik mahsulotlar eksporti har oy rekordlarni yangilagan. Xususan, dekabr oyida eng yuqori natija qayd etilib, eksport 22,8 milliard dollarni tashkil etgan. 2021 yil oxirida u 193 milliard dollarga yetgan, bu 2020 yilga nisbatan 37 foizga koʻpdir.
Eksportning asosiy tovarlari metall mahsulotlari (25,6 foiz), kimyoviy mahsulotlar (19,6 foiz), mashinasozlik mahsulotlari (19,1 foiz) va oziq-ovqat (17,7 foiz) hisoblanadi. Rossiya tovarlarining asosiy isteʼmolchilari Xitoy, Qozogʻiston, Belarus, Turkiya va AQSHdir.
Avvalroq Rossiya iqtisodiyoti 11 yillik pasayishdan soʻng 2021 yil oʻsish qayd etgani xabar qilingandi.


