Prezident Shavkat Mirziyoyev huzuridagi yigʻilishda Vazirlar Mahkamasiga uch kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 baravar — 30 foizdan 15 foizga pasaytirish boʻyicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq berilgani xabar qilingandi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu “xushxabar”ga oʻz munosabatini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, xursand boʻlishga shoshilmay turish kerak.
“Ajoyib xabar. Chunki ming marta mahalliy ishlab chiqaruvchi monopolistni isloh, tarbiya va insofga chaqirgan bilan raqobat muhiti paydo boʻlmaguncha hammasi befoyda. Oldindan toʻlov 85 foizdan 50 foizga tushirilishi ham faqat bir muddat samara beradi. Navbatlarni yoʻqotish talablari ham faqat vaqtincha choralar boʻladi. Toki monopol ishlab chiqaruvchi tashqi raqobatchilardan maksimal darajada bosimni his etishni boshlamagunicha”, — deya yozadi mutaxassis.
Otabek Bakirov UzAuto Motors uchun raqobat hosil qilishi mumkin boʻlgan import avtomobillarga eng yuqori boj stavkalari oʻrnatilganini eslab oʻtgan.
“Bugungi kunda UzAuto Motors uchun raqobat hosil qilishi mumkin boʻlgan import avtomobillarga (dvigatel hajmi 3000 santimetr kubgacha avtomobillar uchun) eng yuqori boj stavkalari oʻrnatilgan”, — deya yozadi u.
- Xususan, dvigatel hajmi 1000 santimetr kubgacha boʻlgan avtomobillar uchun 30 foiz + har kub santimetr uchun 1,80 dollar;
- dvigatel hajmi 1001-1500 santimetr kubgacha boʻlgan avtomobillar uchun 30 foiz + har kub santimetr uchun 2 dollar;
- dvigatel hajmi 1501-3000 santimetr kubgacha boʻlgan avtomobillar uchun 30 foiz + har kub santimetr uchun 2,5 dollar miqdorida import bojlari oʻrnatilgan.
Otabek Bakirovning fikricha, ushbu stavkalar dvigatel hajmi 3000 santimetr kubgacha boʻlgan yangi import avtomobillarning ishlab chiqaruvchi narxini kamida 2 barobarga qimmatlashtiradi.
“Yaʼni avtomobillar importi uchun boj stavkalar kombinatsiyalashgan tarzda belgilangan. Agarda bojlar 30 foizdan 15 foizgacha pasaytirilgan holatda ham, qoʻshilgan har kub santimetr uchun maxsus stavkalar oʻzgarmasa, amalda UzAuto Motorsʻning monopoliyasiga zarracha taʼsir boʻlmaydi”, — deydi u.
Iqtisodchining qoʻshimcha qilishicha, asosiy masala — bojlarning pasaytirilishi bilan birga qoʻshilgan har kub santimetr uchun maxsus stavkalar bekor qilinishi.
“Shunda ham mahalliy ishlab chiqaruvchi — monopolist 15 foiz import boji va 15 foiz QQS evaziga 32,25 foizlik ustunlikka ega boʻladi”, — deydi u.
Import avtomobillar narxi koʻpi bilan 10 foizga arzonlashadi
“Bojxona bojlarini 15 foizga pasaytirilishi hisobiga xorijdan olib kelinadigan import avtomobilining narxi oʻrtacha 10 foiz arzonlashishi mumkin. Ortiq emas”, — deya qoʻshimcha qilgan Bakirov.
Agarda bojlar 30 foizdan 15 foizgacha pasaytirilgan holatda ham, qoʻshilgan har kub sm uchun maxsus stavkalar oʻzgarmasa, quyidagi jadvalda hisob kitoblar orqali buni tushunib olish mumkin.
«Masalan, dvigatel hajmi 1000 sm3gacha boʻlgan, tannarxi 4000 dollarlik import avtomobil bugungi boj tizimida importer ustamasini hisobga olmaganda 8860 dollarga tushadi.
Agar bojlar 15 foizgacha pasaytirilsa (maxsus qoʻshilgan har kub sm uchun maxsus stavkalar oʻzgarmasa) xuddi shu avtomobilning importi endi sizga 8 170 dollarga aylanadi», — deydi u.
Mutaxassisning fikricha, farqi deyarli sezilmaydi, har holda bozordagi vaziyatni oʻzgartiradigan darajada emas.
Jadval shuningdek, tannarxi 7000 dollarlik (1500 sm3), 11000 dollarlik (2000 sm3) import avtomobillar qiymati boʻyicha umumiy hisob-kitoblardagi oʻrtacha taxminiy oʻzgarishlarni ham hisobga olgan.


