Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

AQSHda yanvar oyidagi inflyatsiya 40 yillik rekordni yangiladi

Inflyatsiya maʼlumotlari eʼlon qilinganidan soʻng AQSH fond indekslari tushib ketdi.

Foto: Myseldon

AQSHda inflyatsiya 40 yillik eng yuqori darajaga yetdi. Bu haqda The Wall Street Journal AQSH mehnat departamenti maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, yanvar oyida AQSHda inflyatsiya yillik hisobda 7,5 foizgacha tezlashgan va 40 yil ichidagi eng yuqori darajaga yetgan. Oxirgi marta narxlar 1982 yildan beri rekord darajaga koʻtarilgan, oʻshanda AQSH inflyatsiyasi 7 foizni tashkil qilgan edi.

Avtomobillar, mebellar va maishiy texnika, shuningdek, uzoq muddat foydalaniladigan boshqa tovarlar narxlarining oshishi inflyatsiya darajasiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Shuningdek, inflyatsiyaning tezlashishi pandemiya fonidagi talab va taklifning nomutanosibligi bilan ham bogʻliq.

Aksariyat iqtisodchilar korxonalarning moslashishi va talabning normallashishi sababli narxlarning oshishini kutmoqda. Shu bilan birga, taʼminot bilan bogʻliq muammolar qachon narxlarga bosimni yumshatish uchun yetarli darajada yengillashishi aniq emas.

Bundan tashqari, goʻsht, tuxum va sitrus mevalari narxlarining barqaror oʻsishi, shuningdek, energiya narxi oʻsishining zaiflashuvi belgilari qayd etilgan. Taʼkidlanishicha, neft narxining keskin oshishi benzin narxining ham oshishiga xizmat qiladi.

“Stavkalarni oshirish taʼminot zanjiri tarangligini va ishchi kuchi tanqisligini bartaraf etish uchun hech qanday yordam bermaydi. Lekin, iqtisodiyotning biroz zaiflashishiga hissa qoʻshishi va zaifroq oʻsish orqali talab hamda taklifning muvozanatini tiklashga imkon berishi mumkin”, — degan ING bosh xalqaro iqtisodchisi Jeyms Naytli.

Taʼkidlanishicha, 2021 yili AQSH yalpi ichki mahsuloti 5,5 foizga oʻsgan, bu 1984 yildan beri eng tez surʼatdir. Bunday dinamika kuchli mehnat bozori bilan izohlanadi: soʻnggi uch oyda ish beruvchilar 1,6 million ish oʻrni yaratib, ish haqini oshirgan. Bu, oʻz navbatida, inflyatsiyaning oshishiga ham olib kelishi mumkin. Dekabr oyida yillik ish haqi oʻsishi 4,5 foizni tashkil etgan — bu 2002 yildan beri rekord koʻrsatkichdir.

Yanvar oyi oxirida AQSH Federal zaxira tizimi inflyatsiya 2 foizdan ancha yuqori darajada saqlanib qolsa va kuchli mehnat bozori sharoiti kuzatilsa stavkani oshirishga tayyorligini eʼlon qilgan. AQSH regulyatori oxirgi marta stavkani 2018 yilda oshirgan edi.

Inflyatsiya maʼlumotlari eʼlon qilinganidan soʻng AQSH fond indekslari tushib ketgan. Erta savdolarda S&P 500 1,2 foizga, Nasdaq Composite — 1,75 foizga, Dow Jones Industrial Average esa 0,6 foizga pasaygan. Shu bilan birga, 10 yillik gʻaznachilik boʻyicha daromadlilik 2,5 yil ichida birinchi marta qisqa muddatda 2 foizdan oshgan. Eng yuqori choʻqqisida u 2,001 foizga yetgan, lekin keyin 1,986 foizga qaytgan.

Avvalroq Jo Bayden davridagi AQSH iqtisodiyoti qanchalik oʻzgargani xabar qilingandi. Shuningdek, AQSH iqtisodiyoti 1984 yildan beri eng yuqori oʻsishni qayd etgani haqida xabar berildi.