Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Texnologiya

Oʻzbekiston AQSHdan 8,54 mln dollarga razvedkachi uchuvchisiz harbiy apparat sotib oladi

Bitta uchuvchisiz uchish apparatining narxi 225 ming dollarga baholanmoqda.

Foto: “soldiersystems.net”

AQSHning The Foreign Military Sales dasturi doirasida Oʻzbekiston Amerikada ishlab chiqarilgan RQ-20B Puma 3 AE kichik razvedkachi uchuvchisiz uchish apparatlarini sotib oladi. Bu haqda Buyuk Britaniyaning Shephard Media nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchuvchisiz harbiy apparatlar 2022 yilning 30 noyabriga qadar AQSHning AeroVironment mudofaa kompaniyasi tomonidan Oʻzbekistonga joʻnatiladi. Bitimning umumiy summasi, nashrga koʻra, 8,54 million dollarni, qurilmaning bir birligining narxi esa 225 ming dollarni tashkil qiladi.

Puma 3 AE qurilmasi quruqlik yoki dengiz ustida razvedka qilish uchun moʻljallangan va real vaqtda tasvir maʼlumotlarini taqdim etadi. Uchuvchisiz harbiy apparat ikkita 15 megapikselli 50x kattalashtirish va yoritishga ega kameralar bilan jihozlangan.

Maʼlumot uchun, qurilma qoʻlda uchirilishi mumkin (samolyot modeliga oʻxshash) va qoʻnish uchun maxsus maydoncha talab etilmaydi. Dron suv oʻtkazmaydigan elektro-optik va infraqizil kameralar toʻplami bilan jihozlangan boʻlib, u quruqlikka ham, suvga ham qoʻna oladi.

Qayd etish kerakki, bunga qadar mahalliy OAV Oʻzbekistonda ham uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani haqida xabar bergandi.