Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga imzo chekdi. Bu haqda Oʻza xabar berdi.
Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlashga oid Prezident qaroriga koʻra, yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi va sutning har bir litri uchun subsidiya miqdori ikki baravarga oshiriladi.
Boshqa chora-tadbirlar qatorida hujjat yirik va mayda shoxli qoramollar uchun QQS toʻlovchilariga subsidiyalar 2 marta oshirishni belgilaydi.
2022 yil 1 yanvardan boshlab 2023 yil 31 dekabrgacha QQS toʻlovchisi boʻlgan chorvachilik xoʻjaliklariga — oʻz xoʻjaliklarida va aholi xonadonlari bilan birgalikda kooperatsiya usulida yetishtirilib, goʻsht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun subsidiyaning miqdori 2000 soʻmdan 4000 soʻmga hamda sutning har bir litri uchun 200 soʻmdan 400 soʻmga oshiriladi.
Bunda, subsidiya qoʻshilgan qiymat soligʻidan vaqtinchalik ozod qilish boʻyicha imtiyoz amalda boʻlgan davr uchun ham toʻlanadi.
Bundan tashqari, chorvachilik xoʻjaliklari tomonidan kredit va lizing shartlari asosida xarid qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalari kredit va lizing foizi xarajatlarining 10 foiz punktidan ortiq qismi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan respublika byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Ozuqa ekin yer maydonlarida yomgʻirlatib va tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etgan chorvachilik xoʻjaliklariga uning har bir gektari uchun 8 mln soʻm miqdorida respublika byudjeti hisobidan belgilangan tartibda subsidiya ajratiladi.
Gidroponika usulida chorva mollariga ozuqa yetishtirish uskunalarini xarid qilish xarajatining 20 foizi respublika byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bunda, mazkur uskuna qiymatining — 100 million soʻmdan oshmagan qismi qoplanadi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha xorijdan olib kelinadigan, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan ozuqa ekinlarini ekish, yigʻish va ozuqa tayyorlash qishloq xoʻjaligi texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2025 yil 1 martga qadar bojxona toʻlovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) hamda utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinadi.
Tadbirkorlik subyektlariga “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQSni 180 kungacha boʻlgan muddatga kechiktirib toʻlashga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, kooperatsiya usulida goʻsht va sut mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni yoʻlga qoʻygan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tijorat banklari tomonidan ajratiladigan 20 mlrd soʻmgacha miqdordagi kreditlar boʻyicha foiz stavkasining Markaziy Bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismiga kompensatsiya va kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik taqdim etiladi.
Mablagʻlar Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan chorva komplekslarini qurish, yirik va mayda shoxli nasldor chorva mollarini xarid qilish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun beriladi.
Chorvachilik yoʻnalishida jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlarining kredit mablagʻlari 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi.
Avvalroq Oʻzbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun 300 million dollar qarz olinishi xabar qilingandi.


