Amerikaliklar 2022 yilgi Amerika futboli kubogi — Superboulni tomosha qilish uchun 14,6 milliard dollar sarflaydi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Amerika Milliy chakana savdo federatsiyasi (NRF) tadqiqotiga koʻra, amerikaliklar 14 fevralga oʻtar kechasi AQSH futbol chempionati finali yoki Superboulni tomosha qilish uchun taxminan 14,6 milliard dollar sarflaydi.
Shunday qilib, xarajatlar koronavirus pandemiyasi tufayli yetti yil ichida eng past koʻrsatkich boʻlgan 2021 yil — 13,9 milliard dollarga nisbatan sezilarli darajada oshadi. Eng yuqori qiymat 2020 yilda qayd etilgan — oʻshanda amerikaliklar 17,2 milliard dollar sarflagan.
Umuman olganda, uzoq vaqtdan beri sof sport tadbiri doirasidan chiqib ketgan va ommaviy madaniyat hodisasiga aylangan Superboulni 184,5 million nafar katta yoshli amerikalik tomosha qilishi rejalashtirilgan va teletranslyatsiyani koʻrish narxi bir kishi uchun oʻrtacha 78,92 dollarni tashkil qiladi. Bir yil oldingi koʻrsatkich 74,55 dollar boʻlgan.
Asosiy xarajatlar oziq-ovqat va ichimliklarga tushadi — respondentlarning 79 foizi ularni oʻyin uchun maxsus sotib olishni rejalashtirmoqda. Soʻrovnomada qatnashganlarning yana 11 foizi kiyim-kechak va jamoa ramzlari tushirilgan boshqa atributlarni sotib olishni istasa, 8 foizi zargarlik buyumlariga sarflaydi. Deyarli har oʻninchi (9 foiz) yakuniy oʻyinga yangi televizor xarid qiladi, har yigirmanchi (5 foiz) esa — yangi mebel.
Respondentlarning beshdan bir qismi (20 foiz) oʻyinni ziyofatda koʻrish niyatida, 15 foizi esa kubokni uydan kuzatadi. Umuman olganda, 2021 yildagi 62,8 millionga nisbatan bu yil 90 millionga yaqin amerikalik (uyda yoki tashqarida) ziyofatlarga qatnashadi va soʻralganlarning yana 5 foizi (13,7 million) finalni barda tomosha qiladi.
Qayd etilishicha, 3–11 yanvar kunlari 7,7 ming kishi oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, respondentlarning 21 foizi uchun Superboulning eng muhim elementi oʻyinning oʻzi emas, balki reklama hisoblanadi.
Superboul yilning eng ommabop teletadbiri boʻlgani sababli, eng yirik kompaniyalar koʻpincha jahon yulduzlari ishtirokida ushbu tadbir uchun maxsus reklama roliklarini tayyorlaydi. Bu yil 30 soniyali slotning narxi taxminan 6,5 million dollarni tashkil qiladi — oʻtgan yilga nisbatan 18 foizga koʻp.
Los-Anjeles chekkasidagi SoFi stadionida 100 mingga yaqin odam oʻyinni tomosha qilishi mumkin, ammo buning uchun ular antikovid qoidalariga rioya qilishi va katta miqdorda pul toʻlashi kerak boʻladi. Oʻyin uchun chiptalarning aksariyati allaqachon sotilib boʻlgan, qolgan chiptalar Viagogo saytida 7100 dollardan boshlanadi. VIP sektoriga eng qimmat chiptalar narxi 25 ming dollarga yetadi.


