Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Bitkoin narxi AQSH mehnat bozoridagi vaziyat yaxshilanishi fonida koʻtarildi

Kriptovalyuta kursi 42 ming dollarga yetdi.

Foto: “antistarforce.com”

Bitkoin narxi AQSH mehnat bozoridagi vaziyat yaxshilanishi fonida koʻtarildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, 7 fevral kuni kriptovalyutalar narxi AQSHda ish oʻrinlari soni toʻgʻrisidagi axborot eʼlon qilingandan soʻng, bozorlardagi riskning umumiy kayfiyati fonida koʻtarilgan.

Qayd etilishicha, bitkoin oʻtgan kun davomida 2,8 foizga oshib, 42 ming 861 dollarni tashkil qilgan. Shu bilan birga kriptovalyuta ikki oydan ortiq vaqt ichida birinchi marta 50 kunlik oʻrtacha narxidan oshib ketgan.

Shunday qilib, bitkoin 2021 yilning noyabr oyida erishilgan eng yuqori koʻrsatkichdan (68,99 ming dollar) pastligicha qolmoqda. Biroq yanvar oyida belgilangan eng soʻnggi minimal qiymatdan (33 ming dollar) yuqoridir.

Dunyoda eng keng tarqalgan ikkinchi kriptovalyuta boʻlgan Ethereum 3,14 foizga oshib, 3089 dollarga yetgan. 5–6 fevral kunlari efir narxi ikki hafta ichida birinchi marta 3 ming dollardan oshgan.

GlobalBlock brokerlik kompaniyasi tahlilchisi Markus Sotiriuga koʻra, 7 fevral kuni AQSH mehnat bozoridagi maʼlumotlarga ijobiy munosabat kriptovalyuta bozorida tiklanishni keltirib chiqargan. Mehnat vazirligi yanvar oyida mamlakat iqtisodiyotida ish oʻrinlari soni 467 mingtaga oshgani, oʻrtacha oʻsish prognozi esa 125 mingtani tashkil etgani haqida xabar bergandi.

Ish oʻrinlari sonining kutilmagan oʻsishi “omikron”ning yangi shtammi tarqalishiga qaramay sodir boʻlgan. Baʼzi ekspertlar yanvar oyida bu koʻrsatkich hatto kamayishi mumkinligini ham istisno qilmagandi.

Sotiriuning soʻzlariga koʻra, bitkoin 44 ming–45 ming dollar darajasida kuchli qarshilikka duch keladi. Sababi birjadagi noaniqlik saqlanib qoladi.

Dunyodagi yetakchi elektromobil ishlab chiqaruvchi Tesla Inc. 31 dekabr holatiga koʻra uning 1,99 milliard dollarlik bitkoin zaxiralari borligini maʼlum qilgan. Kompaniya 2021 yilning birinchi choragida 1,5 milliard dollarga bitkoin sotib oldi.-Kompaniya kriptovalyutaning qadrsizlanishi davrida 101 million dollar yoʻqotgan, lekin u mart oyida bitkoinlarning bir qismini sotish orqali ham 128 million dollar foyda koʻrgan.

Avvalroq bitkoin kursi tushishi soʻngi olti oydagi minimumni yangilagani xabar qilingandi. Shuningdek, Twitter asoschisining toʻlov kompaniyasi bitkoin “qazib olish” tizimini yaratishi haqida xabar berildi.