Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Texnologiya

Maskning SpaceX kompaniyasi vulqon otilishidan zarar koʻrgan Tonga Qirolligida Internetni tiklaydi

14 yanvar kuni mamlakatda vulqon otilib, sunami yuz bergan.

Foto: IPA

Ilon Maskning Starlink sunʼiy yoʻldosh internet kompaniyasi Tinch okeanidagi orol davlati — Tongaga tashqi dunyo bilan qayta aloqa oʻrnatishga yordam bermoqda. Bu haqda Reuters qoʻshni Fiji respublikasi rasmiylariga tayanib yozmoqda.

“SpaceX jamoasi hozir Fijida boʻlib, Tongani dunyo bilan qayta bogʻlash uchun Starlink stansiyasini oʻrnatmoqda”, — deb yozdi Fiji bosh prokurori Ayyaz Sayed-Xayyum Twitter sahifasida.

SpaceXʻning ish vaqti nomaʼlum, biroq Fiji radioeshittirish korporatsiyasi Sayed-Xayyumga tayanib, muhandislar Fijidagi yerosti stansiyasida olti oy davomida ishlashini aytgan.

Bundan tashqari, Refinitiv yuk tashish maʼlumotlari shuni koʻrsatadiki, Reliance kabel taʼmirlash kemasi deyarli bir haftadan beri Tonga asosiy oroli qirgʻoqlarida boʻlib, shikastlangan suv osti kabelini tuzatishga harakat qilmoqda.

Maʼlumot uchun, 14 yanvar kuni Tonga Qirolligida Xunga-Tonga-Xunga-Xaapay vulqoni otila boshladi. 15 yanvar kuni kuchli portlash va faol vulqon faolligi tufayli orolda bir nechta sunami sodir boʻldi, bu esa mamlakat poytaxti Nukualofaga, shuningdek, yaqin atrofdagi arxipelaglarga taʼsir koʻrsatdi. Tonga hududining katta qismi vulqon kullari bilan qoplangan, telefon va internet aloqalarini taʼminlovchi dengiz osti kabeli shikastlangan.

Avvalroq Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi 2022 yil rekord darajada koʻp raketa uchirishi xabar qilingandi.