Vladimir Putin va Si Szinpin gaz yetkazib berish boʻyicha yangi kelishuvni eʼlon qildi. Bu haqda Rossiya Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
Pekinda Qishki Olimpiya oʻyinlari ochilish marosimi oldidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin muzokara oʻtkazgan. Uchrashuvda ikki davlat rahbarlari davlatlar oʻrtasida “misli koʻrilmagan” munosabatlar rivojlanib borayotgani va oʻzaro ishonch mustahkamlangani haqida maʼlum qilgan.
Shuningdek, Putin Rossiya yangi shartnoma asosida Xitoyga Uzoq Sharqdan yiliga 10 milliard kub metr gaz yetkazib berishini aytgan. Shundan soʻng darhol “Rosneft” va “Gazprom” Xitoyning CNPC kompaniyasi bilan yangi shartnomalar haqida eʼlon qilgan.
“Bugungi uchrashuvimiz uchun neftchilarimiz Xitoy Xalq Respublikasiga uglevodorodlar yetkazib berish boʻyicha juda yaxshi yangi yechimlarni tayyorladi va bu bilan gaz sanoatida yana bir qadam tashlandi. Men yiliga 10 milliard kub/metr gazni Rossiyaning Uzoq Sharqidan Xitoyga gaz yetkazib berish boʻyicha yangi shartnomani nazarda tutyapman”, — degan Putin.
Uning taʼkidlashicha, Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlar mamlakatlar taraqqiyotida bir-biriga qanday yordam berayotganining munosib namunasidir. Oʻz navbatida Si Szinpin Xitoy va Rossiya oʻrtasidagi siyosiy va strategik oʻzaro ishonch pandemiyaning ogʻir davriga qaramay mustahkamlanib borayotganini aytgan.
“Biz shunday harakat qilishda davom etamiz, siz bilan yangi tarixiy davrda Xitoy-Rossiya munosabatlarini rivojlantirish rejasini ishlab chiqish uchun saʼy-harakatlarni davom ettiramiz. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni ikki xalqning umumiy manfaatlari uchun amaliy hamkorlikka aylantirishga intilamiz”, — degan Si Szinpin.
Avvalroq Si Szinpin Berdimuhamedovga gaz taʼminotida “yangi bosqich”ga koʻtarilishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.


