Xitoy rahbari Si Szinpin Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga gaz taʼminotida “yangi bosqich”ga koʻtarilishni taklif qildi. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Xitoy rahbari Si Szinpin 5 fevral kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga neft va gaz sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni “mutlaqo yangi bosqich”ga koʻtarishni taklif qilgan.
“Xitoy tomoni Turkmaniston bilan hamkorlikda yaqin kelajakda va uzoq muddatli istiqbolda hamkorligimizni rejalashtirish bilan bogʻliq masalalarni oʻrganishni kuchaytirishga, gaz sanoati sohasidagi hamkorligimizga koʻproq ahamiyat berishga, uning koʻlamini kengaytirishga va uni butunlay yangi bosqichga koʻtarishga tayyor”, deya iqtibos keltiradi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Taʼkidlaganishicha, Pekin Ashxobod bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikka intiladi. Si Szinpin Turkmaniston bilan butun sanoat zanjirini qamrab olgan gaz yetkazib berish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanligini aytgan.
“Gaz sohasidagi Xitoy-Turkmaniston hamkorligi mamlakatlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ragʻbatlantiruvchi taʼsir koʻrsatdi”, — deb qoʻshimcha qilgan Si Szinpin.
U Berdimuhamedovni Xitoy xalqaro maydondagi vaziyat oʻzgarishidan qatʼi nazar, Turkmanistonning ishonchli doʻsti va hamkori boʻlib qolishiga ishontirgan. Shuningdek, barcha sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirgan.
Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning boshqa muhim yoʻnalishlari qatorida Si Szinpin umumiy immun toʻsigʻini shakllantirish uchun aholini koronavirusga qarshi emlash sohasidagi aloqalarni mustahkamlashni taʼkidlagan. Shuningdek, malakali turkman mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha ishlarni tezlashtirish va imkon qadar tezroq har ikki davlatda milliy madaniyat markazlarini tashkil etishni taklif qilgan.
Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, Turkmaniston Pekinga tabiiy gaz quvurlari yetkazib beruvchi asosiy davlatlar orasida birinchi oʻrinni egallab turibdi. 2021 yilda Xitoy bu davlatdan 6,79 milliard dollarlik 24 million tonna gaz import qilgan.
Taʼminot boʻyicha Rossiya ikkinchi oʻrinda turadi, Qozogʻiston (1,11 milliard dollarlik 4,59 million tonna gaz), Oʻzbekiston (798,98 million dollarlik 3,25 million tonna gaz) va Myanma (1,41 milliard dollarlik 3,04 million tonna gaz) keyingi oʻrinlarni band etgan.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon bilan gaz yetkazib berishni muhokama qilishi haqida xabar berilgandi.


