Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Biznes

Oʻzbekiston ilk bor Britaniyaga quritilgan olxoʻri eksport qiladi

Britaniyalik tadbirkor Oʻzbekistonga kelishni rejalashtirgan.

Foto: “isfine.ru”

Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasida Buyuk Britaniyaga quritilgan mevalarini eksport qilish boʻyicha navbatdagi shartnoma imzolandi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

Elchixona maʼlumotlariga koʻra, Sofia Agro (Oʻzbekiston) va Brooks & Kempton (Buyuk Britaniya) kompaniyalari qora olxoʻrining sinov partiyasini yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolagan. Eʼtiborlisi, ushbu partiya Oʻzbekiston qora olxoʻrisining Buyuk Britaniya bozoriga birinchi marta yetkazib berilishi boʻladi.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda Oʻzbekiston meva-sabzavot mahsulotlari eksport geografiyasini sezilarli darajada kengaytirgan.

“Oʻzbekiston quritilgan mevalarining yuqori sifat va taʼm xususiyatlari xorijiy savdo kompaniyalari eʼtiborini tortishda davom etmoqda”, deyiladi elchixona xabarida.

Tadbirda Britaniyaning Brooks & Kempton kompaniyasi asoschisi Karim Asaad marketing va laboratoriya tadqiqotlari Oʻzbekiston quritilgan mevalarining yuqori sifat va taʼm xususiyatlarini koʻrsatganini taʼkidlagan. U muntazam yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish va Oʻzbekiston mahsulotlari turlarini bosqichma-bosqich kengaytirish niyatida ekanini qoʻshimcha qilgan.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Oʻzbekistondan xorijiy davlatlarga quritilgan mevalar eksporti koʻlamini kengaytirish boʻyicha mavjud imkoniyatlar bilan joyida tanishish maqsadida yaqin kelajakda britaniyalik tadbirkorning Oʻzbekistonga safarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishilgan.