Fransiya Milliy statistika va iqtisodiy tadqiqotlar instituti Insee 2021 yilda iqtisodiyotning tarixiy 7 foizga oʻsganini eʼlon qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bunday koʻrsatkichga 52 yil davomida erishilmagan. Bu bilan Fransiya Yevropada iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan davlatlardan biriga aylanishi mumkin.
Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta 2020 yilda yalpi ichki mahsulotning 8 foizini yoʻqotgan Fransiya iqtisodiyoti 2021 yilda oʻsishni tiklagan. Dekabr oyidagi soʻnggi prognozida Insee 2021 yilda 6,7 foiz oʻsishni bashorat qilgan, bu taxminan Fransiya banki prognoziga mos keladi va mamlakat iqtisodiyotining 2021 yil oxirigacha pandemiyadan oldingi iqtisodiy faollik darajasiga qaytish qobiliyatini tasdiqlagan.
Taʼkidlanishicha, hukumat oʻzining 6,25 foizlik oʻsish prognozini rasman qayta koʻrib chiqmagan, biroq Fransiya Iqtisodiyot va moliya vaziri Bryuno Le Mer bu koʻrsatkich oshib ketilishi mumkinligini tan olgan. Iqtisodiy oʻsishning sezilarli darajada boʻlganini ishsizlikning biroz qisqarishi haqidagi maʼlumotlar ham tasdiqlaydi.
Biroq, 2021 yili davlat jami 60 milliard yevrodan bir oz koʻproq mablagʻ sarflagan. Natijada davlat byudjeti taqchilligi taxminan 7 foizni tashkil etgan va davlat qarzi qariyb 113 foizga yetgan.
Toʻrtinchi chorakda Fransiya yalpi ichki mahsuloti 0,7 foizga oshgan. Tahlilchilar oʻrtacha yalpi ichki mahsulotning 0,5 foizga oʻsishini bashorat qilgan. Uchinchi chorakda Fransiya iqtisodiyotining oʻsishi choraklik hisobda 3,1 foizni tashkil etgandi.
Oktyabr-dekabr oylarida Fransiyada isteʼmol xarajatlari chorak hisobida oldin 5,6 foizga oʻsgach 0,4 foizga oshgan, hukumat xarajatlari 2,7 foizga sakraganidan keyin 0,3 foizga oshgan. Shu bilan birga, biznes investitsiyalarining oʻsishi 0,1 foizdan 0,5 foizgacha tezlashgan.
Toʻrtinchi chorakda Fransiyadan eksport hajmi uchinchi chorakka nisbatan 3,2 foizga, import 3,6 foizga oʻsgan.
Avvalroq Fransiyada inflyatsiya 13 yil ichidagi maksimal darajada saqlanib qolgani xabar qilingandi.


