Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

YAIM, inflyatsiya va kambagʻallik darajasi: Prezident iqtisodiy kompleks rahbarlariga bir qancha vazifalar topshirdi

Yaqin besh yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar investitsiya jalb etish belgilandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kun tartibida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalari qamrab olingan, kengaytirilgan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Prezident matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, yigʻilishda barcha iqtisodiy kompleks rahbarlari va hokimlar oldiga quyidagi vazifalar qoʻyilgan.

Jumladan, yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollardan oshirib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,4 baravarga koʻpaytirish va kambagʻallik darajasini kamida 2 baravarga qisqartirish hamda 2022 yilda inflyatsiya darajasini 9 foizdan oshirmaslik vazifasi qoʻyilgan.

Bundan tashqari, 2022 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 10 trillion soʻm kreditlarni “mahallabay” kafolatli yetib borishini taʼminlash, shuningdek, byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik belgilab qoʻyilgan.

Xabarga koʻra, dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravarga oshirib, agrar tarmoqda yillik oʻsishni kamida 5 foizga yetkazish koʻrsatib oʻtilgan. Shuningdek, yaqin besh yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollardan oshirish vazifasi qoʻyilgan.

Avvalroq 2022 yilda taraqqiyot strategiyasi doirasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun qancha mablagʻ ajratilishi maʼlum qilingandi. Shuningdek, elektr taʼminoti uzilishi boʻyicha Prezidentning munosabati haqida xabar berildi.