Coca Cola, PepsiCo, Unilever va Nestle kabi 70 dan ortiq kompaniyalar plastik ifloslanishiga qarshi birgalikda kurashish boʻyicha kelishuv imzoladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, dunyo mamlakatlari vakillari 2022 yil fevral va mart oylarida BMTning Atrof-muhit assambleyasi konferensiyasida (UNEA 5.2) uchrashadi hamda u yerda okeanlarni vayron qiluvchi va yovvoyi tabiatni yoʻq qiladigan plastik chiqindilar inqirozini hal qilish boʻyicha muzokaralarni boshlaydi.
Chiqindilarni qayta ishlash va yoʻq qilish bilan bogʻliq kelishuvga erishiladimi yoki kompaniyalar yangi plastmassa ishlab chiqarishni cheklash kabi qattiqroq qadam tashlaydimi, hozircha aniq emas. Ekspertlar fikricha, oxirgi kurash usuli neft va kimyo kompaniyalari hamda AQSH kabi yirik plastmassa ishlab chiqaruvchi davlatlar qarshiligiga duch keladi.
“UNEA 5.2 — bu plastik ifloslanish tufayli yuzaga kelgan global inqirozni yoʻqotish uchun hal qiluvchi va eng qulay daqiqa. Biz buni oʻtkazib yubora olmaymiz”, — deyiladi kompaniyalar bayonotida.
Xabarga koʻra, plastmassa ishlab chiqarish keyingi 20 yil ichida ikki baravar koʻpayishi va yirik energetika kompaniyalari uchun asosiy daromad manbaiga aylanishi kutilmoqda. Sababi, qayta tiklanadigan energiya va elektr transporti rivojlanishi fonida qazib olinadigan yoqilgʻiga talab pasayib bormoqda.
Bu tendensiya sayyora uchun xavflidir. BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyoda ishlab chiqarilgan plastik chiqindilarning atigi 10 foizi qayta foydalaniladi — qolgan qismi yoqib yuboriladi yoki chiqindixonalarda chirishga tashlanadi.
Avvalroq Unilever kompaniyasi Lipton choy biznesini sotishi xabar qilingandi.


