Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Xususiy tibbiyot muassasalariga qator soliq imtiyozlari joriy qilindi

Sogʻliqni saqlash obyektlari egallagan yerlar soliq solinmaydigan yer uchastkalari jumlasiga kiradi.

Foto: “medoverseas.ru”

2021 yil 29 dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq Kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan xususiy tibbiyot muassasalariga bir qator soliq imtiyozlari joriy etildi.

Xususan, Soliq kodeksining 243-moddasi 1-qismi 11 va 14-bandlariga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga koʻra, tibbiyot muassasalari tibbiy xizmatlarni (bundan kosmetologik xizmatlar mustasno) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma soliq solishdan ozod etilgan.

Tibbiy xizmatlar jumlasiga tibbiy yordam va sanitariya xizmati koʻrsatishga doir, tashxis qoʻyish, profilaktika va davolash boʻyicha xizmatlar, stomatologik, shu jumladan, tishlarni protezlash boʻyicha xizmatlar kirishi belgilangan. Sanatoriy-kurort, sogʻlomlashtirish xizmatlarini, jismoniy tarbiya va sportga doir xizmatlarni realizatsiya qilish aylanma soliq solishdan ozod etilgan.

Bunda sanatoriy-kurort va sogʻlomlashtirish xizmatlari jumlasiga sanatoriylar: shifoxonalar, profilaktoriylar, kurortlar, pansionatlar, dam olish uylari va zonalari, bolalar dam olish oromgohlari hamda boshqa dam olish tashkilotlari tomonidan ularning asosiy faoliyati doirasida koʻrsatiladigan, ular yuridik shaxslar yoki yuridik shaxslarning tarkibiy boʻlinmalari tomonidan koʻrsatilishidan qatʼi nazar, yoʻllanmalar yoki joysiz davolanish uchun beriladigan hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan xizmatlar kirishi belgilangan.

Shu bilan birga, Soliq kodeksining 337-moddasi 1-qismi 4-bandiga koʻra, tegishli litsenziya asosida tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar boʻyicha, xususan: tibbiy yordam xizmatlari va sanitariya xizmatlari koʻrsatish, tashxis qoʻyish, profilaktika va davolash xizmatlari, stomatologik xizmatlar, tish protezlarini oʻrnatish xizmatlari boʻyicha (bundan kosmetologiya xizmatlari mustasno) foyda soligʻiga 0 foiz stavka qoʻllanilishi belgilangan.

Xuddi shunday, Soliq kodeksining 428-moddasi 2-qismiga muvofiq, sogʻliqni saqlash obyektlari egallagan yerlar (bundan turistik zonalarda joylashgan sanatoriy-kurort obyektlari band qilgan yerlar mustasno) soliq solinmaydigan yer uchastkalari jumlasiga kiradi.

Bundan koʻrinadiki, xususiy tibbiyot bilan oʻz egaligidagi yerlarda, shu jumladan, ijara asosidagi binolar joylashgan yerlarda shugʻullanayotgan tadbirkorlik subyektlariga yer soligʻi boʻyicha ham keng imtiyozlar taqdim etilmoqda.

Taqdim etilgan ushbu soliq imtiyozlari xususiy tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini sezilarli darajada mustahkamlash imkonini beradi. Boʻshagan mablagʻlar ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, ularga servis-texnik xizmat koʻrsatish, tibbiyot maqsadlari uchun ehtiyot qismlar, inventar va boshqa buyumlar xarid qilish, yangi bino va inshootlarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishga maqsadli yoʻnaltiriladi.