Oʻzbekistonda turizm sohasida xizmat koʻrsatishga oid davlat standartlariga oʻzgartirish kiritildi. Bu haqda Turizm va sport matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, joylashtirish vositalari va ularda taqdim etiladigan xizmatlarga doir umumiy talablarni belgilovchi “Turizm xizmatlari. Joylashtirish vositalari. Umumiy talablar” hamda “Turizm xizmatlari. Mehmonxonalar va oʻxshash joylashtirish vositalari. Tasniflash tizimi” davlat standartlariga tegishli hukumat qarorlariga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilgan.
Jumladan, davolash muassasalariga qoʻyilgan talablar yengillashtirilgan. Klinikalar hududi atrof oʻralishi va qoʻriqlanishi, yuklarni saqlash uchun xona mavjud boʻlishi, vaqtinchalik foydalanish uchun inventarlar taqdim qilish talablari bekor qilingan.
Xususan, “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonunning 25-moddasiga muvofiq mehmonxona va oʻxshash joylashtirish vositalarida nogironlar uchun sharoitlari boʻlgan kamida bitta nomerning mavjud boʻlishi hamda nomerni jihozlash boʻyicha talablar kiritilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Koronavirus pandemiyasi va global inqirozli holatlarning mamlakat turizm sohasiga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlangan.
Unga muvofiq, tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish va ular xavfsizligini taʼminlash maqsadida mehmonxona va oʻxshash joylashtirish vositalarida elektron dastur bilan integratsiyalashgan elektron kalitli (plastik magnit karta) elektron qulflar va “Xavfsiz turizm” va “Xavfsiz shahar” tizimlari, videokuzatuv tizimlarini joriy etish talabi joriy qilingan. Mazkur talablar 2022 yil 3 yanvardan boshlab amaliyotga tatbiq qilingan.
Bundan tashqari, mehmonxonalarda mijozlarga qoʻshimcha qulaylik yaratish, hamda qoʻshimcha pul tushumini oshirish maqsadida uch va undan yuqori toifali mehmonxonalarda milliy hunarmandchilik mahsulotlari sotiladigan doʻkonlar va savdo shoxobchalarini tashkil qilish talabi ham joriy etilgan.
Taʼkidlanishicha, “Turizm xizmatlari. Joylashtirish vositalari. Umumiy talablar” davlat standartiga kiritilgan oʻzgartirishlar 2021 yil 3 iyuldan, “Turizm xizmatlari. Mehmonxonalar va oʻxshash joylashtirish vositalari. Tasniflash tizimi” davlat standartiga kiritilgan oʻzgartirishlar esa 2021 yil 30 iyundan amalga kiritilgan.
Xabarga koʻra, tadbirkorlik subyektlari joylashtirish vositalarini davlat standartlari talablariga muvofiqlashtirish lozim. Mazkur talablarning bajarilishi sertifikatlashtirish obyektlarida oʻtkaziladigan navbatdagi inspeksiya nazorati davomida standartga muvofiq kiritilgan oʻzgartirishlar boʻyicha dasturga asosan tekshiriladi.
Jumladan, 2022 yilning dastlabki haftasida 7 ta joylashtirish xizmatini koʻrsatish obyektlarida sertifikatlashtirish auditlari oʻtkazilgan. Ularning natijalariga koʻra, 6 ta mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish obyektlarida elektron dastur bilan integratsiyalashgan elektron kalitli (plastik magnit karta) qulflar va nogironlar uchun maxsus xona tashkil etilmagani sababli sertifikatlashtirish boʻyicha rad javobi berilgan.
Avvalroq Oʻzbekistonda aviayuklar tashuvini elektron rasmiylashtirish uchun “ye-Freight” xalqaro standarti joriy etilishi xabar qilingandi.


