Milliarder Alisher Usmonovga tegishli USM Holding kompaniyasining shoʻba korxonasi boʻlgan “Telekominvest” “Kapitalbank”ning yana 8,33 foiz aksiyasini sotib oldi. Buni birja maʼlumotlari tasdiqlaydi.
Usmonovga aloqador “Telekominvest” “Kapitalbank”ning 8,33 foiz aksiyasini sotib olganidan soʻng kompaniyaning bankdagi umumiy aksiyalari 25 foizga yetdi.
Kompaniya 32 million 986 ming 653 dona aksiya sotib oldi. Shu bilan, “Telekominvest”da aksiyalarning umumiy miqdori 98 million 959 ming 960 donaga yetdi.
Eslatib oʻtamiz, USM Holding kompaniyasining shoʻba korxonasi boʻlgan “Telekominvest” “Kapitalbank”ning 2021 yilning noyabr oyida “Kapitalbank”ning 215,3 milliard soʻmlik aksiyalarini sotib olgandi.
“Kapitalbank” fond birjasi va qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi hisoblanadi. 2021 yilda bank Oʻzbekistonda valyuta birjasining birinchi market-meykeri boʻldi. Bundan tashqari, bankning muhim yutugʻi Oʻzbekistonda birinchi raqamli Apelsin shoʻba korxonasi bilan bank guruhining tashkil etilishi deya koʻriladi.
Avvalroq, 29 oktyabr kuni Oybek Botirovich Tursunov “Kapitalbank” aksiyadorlik tijorat banki ustav kapitalidagi 34,10 foiz aksiyani sotib olgandi. Shu bilan bankdagi u egalik qiladigan jami aksiyalar 50 foizga yetgan. Fond birjasi saytida xarid narxi boʻyicha maʼlumotlar keltirilmagan.
Bitimdan soʻng bankda Oybek Tursunov egalik qiladigan aksiyalar soni 164 million 927 890 taga yetgandi.


