Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari uchun QQS undirmaslik muddati 30 aprelgacha uzaytirilishi mumkin

QQS imtiyoz muddatini uzaytirish boʻyicha qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

Foto: RIA Novosti

Oʻzbekistonda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) imtiyozi 30 aprelgacha uzaytirilishi mumkin. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyev xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Soliq va Bojxona qoʻmitalari tomonidan ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importi va realizatsiyasi uchun 30 aprelgacha qoʻshimcha qiymat soligʻi (QQS) hisoblanmasligi va undirilmasligi mumkin.

Qayd etilishicha, ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importi va realizatsiyasi boʻyicha belgilangan QQS imtiyoz muddati 1 yanvardan 30 aprelga qadar uzaytirish boʻyicha qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

Qonun kuchga kirishi uchun qonun loyihasi avval Qonunchilik palatasi tomonidan uch oʻqishda qabul qilinishi, soʻngra Senat tomonidan maʼqullanib, Prezident tomonidan imzolanishi talab etiladi. Shuningdek, bu jarayonga bir muncha vaqt ketadi.

“Shu bilan birga, aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini toʻlaqonli qondirish hamda ushbu mahsulotlar narxlarini bozorlarda barqaror saqlash va imkon qadar pasaytirish choralarini tezroq koʻrish muhim”, — deb yozadi deputat.

Shu bois, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Davlat Bojxona va Soliq qoʻmitalariga goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlar, kartoshka, muzlatilgan baliq, kungaboqar va soya urugʻlari va oʻsimlik yogʻi importi hamda ularni ichki bozorda realizatsiya qilish, shuningdek oʻsimlik yogʻini ishlab chiqarishda QQS hisoblanmasligi va undirilmasligini taʼminlash vazifasi yuklatilgani aytilmoqda.

Taʼkidlanishicha, Soliq kodeksining 483-moddasiga tegishli oʻzgartirishlarni kiritishni koʻzda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilinguncha ham tadbirkorlar tomonidan yuqoridagi mahsulotlar chetdan Oʻzbekiston hududiga olib kirilganda hamda realizatsiya qilingan hollarda ular QQS soligʻini hisoblash va toʻlashdan ozod etilishi mumkin.

Avvalroq Oʻzbekistonda 2022 yil uchun QQS daromadlari prognoz qilingani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda 2023 yildan QQS 12 foizgacha pasaytirilishi xabar qilindi.