BMW 2015 yildan beri birinchi marta premium avtomobillar savdosi boʻyicha Mercedesʻdan oʻzib ketganini eʼlon qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, BMW boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarga qaraganda global yarimoʻtkazgichlar taqchilligidan kamroq zarar koʻrgan
“Biz 2021 yilda BMW brendining jahon premium avtomobil segmentida birinchi oʻrinni egallaganini eʼlon qilishdan faxrlanamiz”, — degan kompaniyaning Myunxendagi sotuvlar boʻlimi rahbari Piter Nota.
Qayd etilishicha, BMW kompaniyasi hali yil boʻyicha batafsil sotuv hisobotlarini eʼlon qilganicha yoʻq. Kompaniya vakiliga koʻra, ular 12 yanvarda eʼlon qilinadi. Biroq yilning koʻp qismida BMW Mercedesʻdan avtomobil savdosi boʻyicha oʻzib ketgan. Uchinchi chorak yakuniga koʻra, Myunxendagi avtomobil ishlab chiqaruvchisi 1,8 million dona premium avtomobil sotgan, uning shtutgartlik raqibi esa 1,5 million dona sotishga erishgan.
Xabarga koʻra, 2021 yilning toʻqqiz oyida BMWbrendi ostida 1,7 million avtomobil sotilgan. Bu Daimlerʻning Mercedes-Benz koʻrsatkichidan 112 ming ta avtomobilga koʻpdir.
Taʼkidlanishicha, BMW boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarning sanoat liniyalarida uzilishlarga olib kelgan global yarimoʻtkazgich tanqisligidan raqobatchilariga qaraganda kamroq zarar koʻrgan.
Shu bilan birga, bir qator kompaniyalarning chiplar inqirozi choʻqqisining qiyin uchinchi chorakdan keyin tugashi haqidagi prognozlari oʻzini oqlamagan. Mercedes matbuot xizmati xabar berishicha, sanoatdagi butlovchi qismlar taqchilligi 2022 yilning birinchi yarmida ham sezilishda davom etadi.
Avvalroq BMWʻning sof daromadi uchinchi chorakda 42,4 foizga oshgani xabar qilingandi. Shuningdek, BMW va Audi McLarenʻni sotib olishga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berildi.


